O‘zbekiston birinchi prezidentining nabirasi va taniqli bloger Maryam Tillayeva Rossiyaning “TNT” telekanalida 2025-yilda namoyish etiladigan yangi psixologik realiti-shou — “O‘yin ustasi” (“Master igri”) loyihasida ishtirok etadi.

O‘yin shartlariga ko‘ra, 22 nafar shaxs Marokashdagi hashamatli villaga joylashtiriladi. U yerda ishtirokchilar turli test va sinovlardan o‘tib, umumiy bankka pul ishlab topishlari va har kuni murakkab qarorlar qabul qilishlari kerak bo‘ladi. O‘yinchilar ikki guruhga bo‘linadi: ularning aksariyati “yaxshilar” bo‘lib, ularning vazifasi uch nafar “yovuzlar”ni fosh etishdir. “Yovuzlar”ning shaxsi barchaga noma’lum bo‘ladi va ular raqiblarni yo‘q qilishga urinadi. Har kuni ikki ishtirokchi loyihani tark etib boradi.
Men odatda g‘oyalar uchun kurashishga o‘rganganman, lekin “O‘yin ustasi” loyihasi men uchun butunlay boshqacha shou. Unda siz nimadir uchun emas, kim bilandir kurashasiz. Kimdir avvaliga men sen bilanman, deydi, ammo oradan bir soat o‘tib senga qarshi ovoz beradi. O‘yin mohiyati kim kuchliroq ekanligida emas, balki insonlar psixologiyasi, ichki ovoz va o‘zingizga bo‘lgan ishonchdadir, deydi Maryam Tillayeva.
Ishtirokchilar orasida rossiyalik taniqli shaxslar, jumladan, aktyorlar Denis Vlasenko va Leon Kemstach, bloger Jenya Yershov, prodyuser Aleksandr Tolmatskiy, shuningdek, “Ekstrasenslar jangi” shousi yulduzlari Ilya Larionov, Dmitriy Matveyev, Nikita Turchin, Samanta Adam, Nikol Kuznetsova va Natalya Banteyevalar bor.

“O‘yin ustasi” rolini “Usta va Margarita” va “Oq nilufar” seriallarida rol o‘ynagan aktyor Yuriy Kolokolnikov ijro etadi. O‘yinga aralashib, qoidalarni o‘zgartirib turuvchi “joker” rolini esa xonanda Filipp Kirkorov bajaradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2011-yildan beri “TNT” kanalining efiri cheklangan. Bunga rasmiy bayonotlar berilmaga bo‘lsa-da, norasmiy sabab sifatida kanaldagi “axloqqa zid dasturlar” ko‘rsatilgan.
Izoh (0)