Yaponiyalik taniqli xonanda Yudzuki Nakasima har kuni universitetga samolyotda qatnashi uchun kuniga to‘rt soat vaqt sarflashi haqida so‘zlab berdi.

Yudzukining o‘zi Tokioda yashaydi, qiz tahsil oladigan universitet esa Fukuokada, Tokiodan taxminan ming kilometr masofada, Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. Nakasima bolaligidan aynan shu oliy o‘quv yurtiga kirishni orzu qilgan, shuning uchun uzoq masofa bosib o‘tish unga talabalik davridan zavqlanishga to‘sqinlik qilmaydi.
“Orzuyingiz sari olg‘a qadam tashlash uchun sarflagan har bir soniya hayotingizdagi eng bebaho xotiralardan biriga aylanadi”, deydi u.
Yudzuki har kuni ertalab soat beshda uyg‘onadi, bir soat o‘tgach, Haneda aeroportidagi birinchi reysga ulgurish uchun yo‘lga chiqadi. Kitakyusuga yetib borgach, Nakasima taksi chaqiradi yoki avtobusga o‘tirib, universitet kampusiga yetib boradi. Har bir safar taxminan ikki soat davom etadi. Bir tomonlama yo‘l haqi unga 105 dollarga tushadi. Yo‘l davomida vaqtdan unumli foydalanish uchun qiz uy vazifalarini bajaradi, kitob o‘qiydi va yangi musiqalar haqida bosh qotiradi.

Bu haqda xonanda universitet diplomini olganidan keyingina muxlislariga so‘zlab berdi. Hozirda Nakasima ko‘proq vaqtini ijodga va yangi qo‘shiqlar yozishga bag‘ishlamoqda:
“Agar orzuga yetishni istasangiz, bu yo‘l qanchalik murakkab bo‘lmasin, jasur bo‘ling va dadil harakat qiling”, dedi u.
Avvalroq oilasi bilan ko‘proq birga bo‘lish uchun har kuni ishga samolyotda qatnaydigan malayziyalik ayol haqida hikoya qilingan edi.
Izoh (0)