O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarada savdo-sanoat zonalari tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 16-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, har yili Andijondan Qirg‘izistonga 200 mln dollarlik eksport amalga oshirilmoqda. Prezident Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobodda ham xuddi Afg‘oniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligini aytdi.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqishni topshirdi.
Xo‘jaoboddagi “Do‘stlik” postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga e’tibor qaratildi. Mas’ul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini o‘rganib, tez fursatda buning yechimi bo‘yicha taklif berish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temiryo‘li qurilishi loyihasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Prezident bu yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kilometrga qisqarib, yuk tashish 10 barobar oshishini aytdi.
“Lekin, ichki temir yo‘l tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va o‘tkazishga qanchalik tayyor?”, deya savol qo‘ydi davlati rahbari.
Mutasaddilarga bu boradagi hisob-kitoblarni qilib, amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi.
Erkin savdo zonalari
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida 2024-yilning avgustida Markaziy Osiyodagi birinchi erkin savdo zonasi ochilgandi. Mazkur erkin savdo zonasi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida joylashgan bo‘lib, qiymati 70 million dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi. Hududda mehmonxona, zamonaviy tibbiyot klinikasi, biznes maktab, yirik savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, restoranlar, xostel hamda yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari jamlangan.
O‘zbekiston—Turkmaniston chegarasida ham erkin savdo zonasi tashkil qilinadi. 2024-yilning fevralida Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni imzolangan. Unga ko‘ra, ushbu erkin savdo zonasi tovarlarni saqlash, saralash, sotish, transport va boshqa zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini yaratish uchun Xorazm viloyati Shovot tumanida tashil etiladi.
Izoh (0)