Xitoyning Endemik kasalliklarni nazorat qilish instituti olimlari ko‘rshapalaklarda odamlar uchun xavfli bo‘lgan ikkita yangi virusni aniqladi. Ular Nipah va Hendra viruslariga genetik jihatdan yaqin hisoblanadi. Bu haqda EurekAlert xabar berdi.

Yangi viruslar bosh miyaning og‘ir yallig‘lanishi va nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘rshapalaklar tabiatan turli mikroorganizmlar, jumladan, odamga yuqishi mumkin bo‘lgan xavfli patogenlar uchun rezervuar (tashuvchi) hisoblanadi. Shunga qaramay, ularning organizmida mavjud virus, zamburug‘, bakteriya va parazitlarning to‘liq tahlili hozirgacha yetarlicha o‘rganilmagan. Ilgari o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar, asosan, ko‘rshapalak najasiga qaratilgan.
Yangi tadqiqotda olimlar Yunnan provinsiyasidagi beshta hududdan to‘rt yil davomida yig‘ilgan, o‘n turga mansub 142 ko‘rshapalakning buyraklarini tekshirdi. Genetik ketma-ketlikni aniqlovchi ilg‘or texnologiyalar yordamida ular 22 ta virusni topdi. Shundan 20 tasi ilgari fanga noma’lum bo‘lgan.
Ayniqsa, Henipavirus avlodiga mansub ikkita yangi virus — odamlar orasida o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan Nipah va Hendra viruslariga o‘xshashligi xavotir uyg‘otgan. Aniqlangan viruslar odamlar yashaydigan joylar atrofidagi mevali bog‘larda yashovchi ko‘rshapalaklarda topilgan. Henipaviruslar ko‘rshapalaklarning peshobi tekkan mevalar tufayli odam yoki chorva hayvonlariga yuqishi mumkin.
Shuningdek, olimlar ko‘rshapalaklarda Klossiella yunnanensis deb nomlangan yangi protozoa (bir hujayrali parazit) va ikki xil bakteriyani aniqlagan. Ulardan biri ilgari noma’lum bo‘lgan yangi tur bo‘lib, Flavobacterium yunnanensis deb nomlandi. Tadqiqot mualliflari bu kashfiyotlar ko‘rshapalak buyraklarida mavjud infektom (ya’ni barcha mikroorganizmlar to‘plami) haqida bilimimizni kengaytirishini aytmoqda. Shunga qaramay, zoonoz (hayvonlardan odamga yuqadigan) xavflarni chuqurroq baholash uchun hayvon a’zolarini to‘liq tahlil qilish zarur.
Izoh (0)