Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston fiskal va monetar siyosati bo‘yicha tahlil va tavsiyalarini eʼlon qilgandi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov ushbu tavsiyalar yuzasidan fikrlarini bayon etdi.

Taʼkidlanishicha, XVJ O‘zbekiston hukumatiga soliq tushumlarining YIMga nisbatan 2020-yildan buyon 2 foiz punktga pasayganini qoplash va soliq tizimini adolatliroq qilish maqsadida byudjet daromadlarini oshirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqishni tavsiya etmoqda. Buning uchun quyidagilar taklif qilinmoqda:
alkogol, qazilma yoqilg‘i, transport vositalari va shakarga maxsus aksizlar stavkalarini oshirish;
investitsiyaviy imtiyozlarni qisqartirish, ularni uzaytirishdan yoki yangilarini joriy etishdan voz kechish;
samarasiz bojxona imtiyozlarini bekor qilish va yangi imtiyozlarni joriy etmaslik;
jismoniy shaxslar daromad solig‘ining joriy bir xil stavkasi o‘rniga progressiv shkala joriy etish.
“Individual va sohaviy imtiyozlar, bozor mexanizmlarini buzib, raqobatga to‘sqinlik qiladi va korrupsiya uchun muhit yaratadi. Shu bois, ularni bekor qilish zarurligi bo‘yicha to‘liq qo‘shilaman.
Biroq byudjet daromadlari go‘yoki kamaygani uchun ularni oshirish kerak, degan fikr esa shubhali. Osiyo taraqqiyot banki maʼlumotlariga ko‘ra, bunday pasayish bo‘lmagan: 2020-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari YIMning 26,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 30,5 foizga yetgan.
Masala shundaki, davlat xarajatlari bundan ham tezroq o‘sgan — 29,1 foizdan 35,5 foizgacha”, deb yozgan iqtisodchi.
Qayd etilishicha, haqiqatan ham byudjet daromadlari o‘sishi davlat xarajatlari o‘sishidan ortda qolmoqda. Bu byudjet tanqisligi va davlat qarzining ortishiga olib kelmoqda.
“Ammo bu holat soliq yukini yanada oshirish kerakligini anglatadimi? Yoki, aksincha, davlat xarajatlarini qisqartirish kerakmi?”, deya savol qo‘ymoqda Yuliy Yusupov.
Iqtisodchi Xalqaro valyuta jamg‘armasi mantig‘iga ko‘ra, byudjet muvozanatini saqlash uchun soliq yukini oshirish kerakligini yozmoqda. Bu, albatta, makroiqtisodiy nazariya nuqtayi nazaridan tushunarli — u rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitiga moslashtirilgan: katta davlat xarajatlari bo‘lsa, ularni yuqori soliqlar bilan qoplash kerak; aks holda, iqtisodiy barqarorlikka tahdid yuzaga keladi.
“Ammo O‘zbekiston hali na rivojlangan, na to‘liq bozor iqtisodiyotiga ega.
Birinchidan, O‘zbekiston kambag‘al mamlakat — jon boshiga YIM atigi 3000 dollar atrofida. Jahon tajribasidan maʼlumki, mamlakat qancha kambag‘al bo‘lsa, byudjet va soliq yuki ham shuncha kam bo‘lishi kerak. Agar albatta, u rivojlangan davlatlarga yetib olmoqchi bo‘lsa. Chunki davlat xarajatlarining yuqori ulushi ishbilarmonlik xarajatlarini ko‘paytirib, biznes raqobatbardoshligini pasaytiradi.
O‘zbekistonda davlat xarajatlari YIMga nisbatan 40 foizdan oshib ketgan — bu esa hatto G‘arbiy Yevropadagi ko‘rsatkichlarga teng. Jahon bankining baholashicha, kvazifiskal xarajatlar hisobga olinganda, bu ulush yanada yuqoriroq. Osiyoning rivojlangan mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich 1,5–2 barobar past. Kambag‘al, lekin tez o‘suvchi davlatlarda ham shunday.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda iqtisodiyot hali ham notekis va byurokratik tarzda boshqarilmoqda. Qarorlarni bozor emas, mansabdorlar qabul qiladi. Ular katta davlat xarajatlari, imtiyozlar, bojlar va lgotali kreditlar orqali iqtisodiyotni boshqarishda davom etmoqda.
Bunday sharoitda mansabdorlar doimo ko‘proq mablag‘ talab qiladi. Agar ularning faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazorati va tizimli cheklovlar bo‘lmasa, bu xohish to‘xtovsiz xarajatlarga, natijada esa ortib borayotgan soliq va qarz yukiga olib keladi”, deb yozadi Yuliy Yusupov.
Iqtisodchi O‘zbekistonga iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish uchun zarur bo‘lgan jihatlarni keltirgan:
davlat xarajatlarini (ayniqsa, iqtisodiyotga doirlarini) 1,5–2 barobar qisqartirish,
davlatning mulkchilikdagi ulushini keskin kamaytirish,
soliq va qarz yukini tushirish, biznes xarajatlarini kamaytirish va mahsulot raqobatbardoshligini oshirish,
boj va notarif to‘siqlarni qisqartirish, shaxsiy va sohaviy imtiyozlarni bekor qilish — raqobat muhitini yaxshilash va korrupsiya manbalarini yo‘qotish uchun.
“Eng muhimi — davlatning iqtisodiyotdagi funksiyalarini qayta ko‘rib chiqish va tubdan o‘zgartirish kerak. Davlat xizmatchilari biznesga aralashmasligi, bozor mexanizmlari va raqobat muhitiga aralashib, uni buzmasligi shart. Ammo, afsuski, hozircha aynan shu ish bilan shug‘ullanishyapti.
Shunday holda, XVJ nima tavsiya qilmoqda? Albatta — soliq yukini yanada oshirishni!
Bu — umumiy makroiqtisodiy qoidalarni mamlakatning real sharoiti va institutsional xususiyatlarini inobatga olmasdan, mexanik tarzda qo‘llashning ko‘rinishi. Natijada esa — hayratda qoldiradigan tavsiyalar paydo bo‘ladi”, deb yozgan u.
Izoh (0)