22-iyun kuni AQSH o‘zining B-2 ruh strategik bombardimonchi samolyoti bilan Eronning eng qattiq himoyalanadigan Fordodagi yadroviy obyektini bombardimon qildi. Vaholanki, Eron mudofaa vaziri agar AQSH Eronga hujum uyushtirsa, bunga javoban Yaqin Sharqdagi Amerika bazalariga zarba berilishi haqida ogohlantirgandi. Endi mintaqada joylashgan AQSHning harbiy istehkomlari Eron nishoniga aylanishi mumkin.
Quyidagi maqolada Amerikaning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari, ular qaysi davlatda joylashgani va strategik ahamiyati haqida so‘z yuritiladi.
Amerikaning Yaqin Sharqqa kirishi
Aslida, AQSHning Yaqin Sharqdagi qurolli kuchlarining ilk bo‘linmalari Ikkinchi jahon urushi davri (1939-1945)da, aniqrog‘i, 1942-yil avgust oyida Amerika armiyasi shtab boshlig‘i general Jorj Marshall buyrug‘i bilan Misr—Liviya kampaniyasini nazorat qilish uchun yuborilgan.
1945-yilda AQSH prezident Franklin Ruzvelt va Saudiya Arabistoni qiroli Abdulaziz Ibn Saud o‘rtasida bo‘lgan “neft evaziga xavfsizlik” kelishuvi AQSHning bu mintaqadagi uzoq muddatli ishtirokiga zamin yaratdi.
1948-yilda AQSH dengiz kuchlari Bahrayndagi hozirgi Naval Support Activity Bahrain bazasiga asos soladi. Bu AQSHning Yaqin Sharqdagi eng birinchi tarixiy harbiy istehkomi hisoblanadi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda Qo‘shma Shtatlar mintaqada o‘zining ittifoqchisi — Britaniya bilan hukmronlik uchun kurash olib bordi. Va 50-yillarning boshiga kelib AQSH Britaniyani Yaqin Sharqda siqib chiqaradi.
1950-yillardan boshlab AQSH Eron, Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan harbiy hamkorlikni kengaytirdi.

1947-yilda AQSH “Trumen doktrinasi” asosida Turkiya va Gretsiyaga Sovet tahdidiga qarshi yordam ko‘rsata boshladi. “Trumen doktrinasi” doirasida Turkiya NATOga qo‘shildi. Bu AQSH harbiy kuchlarining rasmiy tarzda Turkiya hududiga kirishiga yo‘l ochadi.
1954-yilda AQSH va Turkiya o‘rtasida Injirlik havo bazasini qurish bo‘yicha bitim imzolandi. 1955-yilda Injirlik bazasi ishga tushadi. U dastlab “Adana havo bazasi” deb atalgan.
Bu harbiy bazadan maqsad — Sovet Ittifoqi hududini kuzatish, razvedka parvozlari va Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarni boshqarish edi.
1955-yilda Qo‘shma Shtatlar Eron bilan harbiy kelishuvlar imzoladi. Shundan so‘ng Eronning strategik ahamiyati oshdi.

Sovuq urush davri
Sovuq urush davrida Yaqin Sharq mintaqasi AQSH va SSSR o‘rtasidagi global geosiyosiy kurashning muhim sahnalaridan biriga aylangan edi.
Bu mintaqada har ikki superdavlat o‘z ta’sir doirasini kengaytirish, strategik pozitsiyalarni egallash, neft resurslariga yaqin bo‘lish va ideologik (kapitalizm — kommunizm) ustunlikni qo‘lga kiritish uchun raqobat olib bordi
60-yillarda Misr, Iroq, Suriya kabi davlatlar Sovet Ittifoqi bilan yaqin munosabatlarni o‘rnatib, SSSRdan katta harbiy yordam olgan holda o‘z armiyasini qayta qurollantirdi.
1962-yilda Suriya Sovet Ittifoqi bilan 34 ta MiG-21, F-13 qiruvchi samolyotlari va 4 ta MiG hamda 21-U o‘quv samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Bu samolyotlar 1963-yildan boshlab Suriyaga yetkazib beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1956–1971-yillar oralig‘ida Suriya Sovet Ittifoqidan 340 ta reaktiv qiruvchi samolyot, 1 233 ta tank, 700 ta zirhli transport vositasi va 145 ta vertolyot oladi.
1955-yilda Misr va Chexoslovakiya o‘rtasida 83 million dollarlik qurol-yarog‘ shartnomasi tuzilgan bo‘lib, bu orqali Misr Sovet Ittifoqidan zamonaviy qurollarga ega chiqadi.

60-yillarning o‘rtalariga kelib, Misr havo kuchlari to‘liq Sovet texnikasi asosida qurollanadi. 1967-yilga kelib Misrda 200 ta MiG-21 samolyoti mavjud edi.
Misr va Suriya kabi 60-yillarda Sovet Ittifoqi Iroqqa MiG-21 qiruvchi samolyotlar, tanklar va havo mudofaa tizimlarini faol tarzda yetkazib beradi. 1967-yilda Iroq Sovet Ittifoqi bilan neft evaziga qurol-yarog‘ olish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.
AQSH esa Saudiya Arabistoni, Marokash, Kuvayt, Tunis, Fors ko‘rfazi monarxiyalari (Qatar, Bahrayn, Ummon, BAA) bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yadi. Bu mamlakatlarning Amerika bilan yaqinlashishining asosiy sabablaridan biri — bu mintaqada yoyilayotgan arabsotsializm g‘oyasi edi.
SSSRning mintaqada kuchayib borayotgan ta’siriga qarshi choralar sifatida AQSH Saudiya Arabistoni, Eron (shoh davrida), Turkiya, Iordaniya kabi davlatlar bilan harbiy hamkorlikni kuchaytiradi.

Fors ko‘rfazi urushi va kengayish
1990-yilning avgustida Iroq Kuvaytga bostirib kirgach, AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqni chiqarish uchun harbiy amaliyot boshladi. Bu operatsiya Desert Shield (Sahro qalqoni) va keyinchalik Desert Storm (Sahro bo‘roni) deb nomlandi.
Fors ko‘rfaziga harbiy kontingent bilan kirgan AQSH — Yaqin Sharqdagi davlatlar bilan vaqtincha harbiy bazalardan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar imzoladi. Masalan, Saudiya Arabistonining Dhahran va Prins Sulton aviabazalariga 500 minggacha AQSH askarlari vaqtincha joylashtiriladi.
Bu harbiy istehkomlarga Qo‘shma Shtatlar o‘zining harbiy-logistik markazlari, F-15 qiruvchilari, Patriot zenit tizimlarini joylashtiradi.
Keyinchalik, 90-yillarda AQSH har bir ko‘rfaz davlati bilan mudofaa hamkorligi to‘g‘risida ikki tomonlama bitimlar imzoladi. Jumladan, Qo‘shma Shtatlar 1991-yilning oktyabrida Bahrayn, 1991-yil Kuvayt, 1992-yilda Qatar, 1994-yilda BAA bilan mudofaa hamkorligi bitimlariga (bilateral Defense Cooperation Agreements) erishgan.
Bugungi holat
2025-yil iyun holatiga ko‘ra, Yaqin Sharqda taxminan 40 000 nafar AQSH harbiysi bor. Ularning katta qismi dengizdagi kemalarda joylashtirilgan. Amerika mintaqada kamida 19 ta harbiy obyektga ega, ulardan 8 tasi doimiy harbiy baza hisoblanadi. Bundan tashqari, Jibuti va Turkiyada ham AQSHning yirik harbiy istehkomlari mavjud.
AQSH askarlari asosan Arab Ko‘rfazi davlatlarida joylashtirilgan bo‘lib, bu joylar Eronga juda yaqin hudud hisoblanadi. Masalan, Bahraynda dengiz kuchlari markaziy qo‘mondonligi va Qo‘shma Shtatlar beshinchi floti joylashgan.
AQSHning Iroqda bir qator harbiy istehkomlari, jumladan, ikkita Al Xarir va Al Asad havo bazalari va o‘nlab lager hamda postlari mavjud. 2003-yildan 2011-yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida, AQSH Iroq hududiga 505 ta harbiy baza va 170 ming amerikalik harbiyni joylashtirgan edi.
AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi — bu Qatardagi Al Udeyd aviabazasi hisoblanadi. U AQSH Markaziy qo‘mondonlikning tarkibiy qismlarini (CENTCOM) va uning havo kuchlari va Yaqin Sharqdagi maxsus operatsiyalar kuchlarini o‘z ichiga oladi.
Ushbu harbiy baza 1996-yilda qurilishi boshlanib, 2000-yillarda AQSH harbiylari faoliyat boshlagan. 2001-yil 11-sentyabr hodisalaridan so‘ng, bu baza AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy operatsiyalarining markaziga aylandi.
Qatar tomonidan sezilarli miqdorda investitsiya evaziga qurilgan ushbu baza hozirda AQSH Markaziy Qo‘mondonligi (CENTCOM) hududida Iroq, Suriya, Yaman va butun Fors ko‘rfazi bo‘ylab operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazi hisoblanadi. Baza AQSHning hududiy harbiy imkoniyatlarini ko‘p qirrali qiladi — razvedka, zarba, logistika va havo nazoratini bir markazdan boshqarishi mumkin.
Birlashgan Arab Amirliklarida Al Dhafra aviabazasi — AQSHning 380-havo ekspeditsiya qanoti joylashgan. Bu yerda 10 ta havo eskadroni va MQ-9 Reaper dronlari mavjud. Shuningdek, bu yerda havo va raketaga qarshi urush bo‘yicha o‘quv markazi bor.
Iordaniyada Amerikaning Muvaffaq Salti aviabazasi bo‘lib, u 2018-yilda 143 million dollar evaziga modernizatsiya qilingan. Bu yerda AQSH bilan bir qatorda Germaniya, Niderlandiya va Belgiya harbiylari ham joylashtirilgan.

Eron bu bazalarga hujum qilganmi? Ha. G‘azo urushi boshlangani (2023-yil oktyabr)dan so‘ng, Eron bilan bog‘liq qurolli guruhlar AQSH harbiy obyektlariga bir necha marta hujum uyushtirgan. Bu hujumlar raketa, dron yoki kichik qurolli guruhlar tomonidan amalga oshirilgan.
23-iyun kuni Eron AQSH bazasiga 7 raketa uchirdi hamda ulardan faqat bittasi nishonga tushdi. Va u ham jiddiy zarar keltirmadi. AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida 24 soat ichida bosqichma-bosqich o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qildi.
Izoh (0)