Prokurorlar Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Mun Je Inni sobiq kuyovining aviakompaniyadagi ishi bo‘yicha poraxo‘rlikda ayblashmoqda.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, uning sobiq kuyovi Seo, aviatsiya sanoatida kam tajribaga ega bo‘lsa ham, aviakompaniya bosh direktori lavozimiga yollangan.
Mun Je In 2017-yildan 2022-yilgacha mamlakatni boshqargan va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan tinchlik bitimini tuzishga urinishlari bilan tarixda yaxshi nom qoldirgan.
2018-yilda sobiq prezident kuyovi Seo o‘z aviakompaniyasining sho‘ba korxonasi Thai Eastar Jet ijrochi direktori etib tayinlangan. 2018–2020-yillar oralig‘ida Seo ish haqi va uy-joy ta’minoti uchun taxminan 217 million von (150 ming dollar) mablag‘ olgan. Prokurorlarning ta’kidlashicha, bu summa Munga mo‘ljallangan pora hisoblanadi.
Munga ayblov hukmi uning ma’muriyatidagi amaldorlarga qarshi bir qator jinoiy ish qo‘zg‘atilishi fonida e’lon qilindi. Shu oy boshida Munning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi va mudofaa vaziri faollarga razvedka ma’lumotlarini oshkor qilganlikda ayblangan edi.
Mamlakat hukumati qo‘ldan qo‘lga o‘tganda raqobatchi siyosatchilar tergov qilinishi Janubiy Koreyada odatiy hol sanaladi.
Munning Demokratik partiyasi jinoiy ta’qibni qoralab, uni “sobiq prezidentni kamsitishga qaratilgan siyosiy harakat” deb atadi.
Izoh (0)