Shimoliy Koreya o‘zining tarixidagi eng yirik harbiy kemani qurishni boshladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qurilish ishlari Pxenyandan taxminan 60 kilometr uzoqlikdagi Nampo kemasozlik korxonasida olib borilmoqda. Kema 6-aprelda sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘ringan. Suratlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bu dengiz va quruqlikdagi nishonlarga qarshi ishlatilishi mo‘ljallangan boshqariladigan raketali fregat hisoblanadi.
U Shimoliy Koreyaning mavjud barcha kemalaridan ikki barobar katta bo‘lib, uzunligi taxminan 140 metrni tashkil etadi, deb ta’kidlanmoqda Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilida.
Fregatni vertikal raketa uchirish tizimlari va fazali radarlar bilan jihozlash rejalashtirilgan — bu tizimlar Shimoliy Koreyaning flotida ilgari qo‘llanilmagan. Iste’fodagi janubiy koreyalik admiral Kim Duk Ki fikricha, BMT sanksiyalari tufayli Pxenyan bunday uskunalarga ega bo‘lmasligi kerak edi, shuning uchun ehtimol Rossiya Ukrainaga qarshi urushda ko‘rsatilgan yordam evaziga bu jihozlarni yetkazib bermoqda.
AQSH harbiy-dengiz kuchlarining sobiq kapitani Karl Shuster ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyaning yangi harbiy kemasi dengiz sinovlarini boshlashi uchun yana bir yil yoki undan ko‘proq vaqt talab etiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy qiyinchilik kommunikatsiyalar, elektronika, sensorlar va zamonaviy qurollarni birlashtirish bo‘ladi.

Bundan tashqari, bunday yirik harbiy kemani ishlatish katta moliyaviy va inson resurslarini talab qiladi. Janubiy Koreya milliy assambleyasi razvedka qo‘mitasi a’zosi Kim Ben Ki ilgari Pxenyanda bunday imkoniyatlar mavjudligiga shubha bildirgan.
Kemani ekspluatatsiya qilish jihozlar va yoqilg‘i kabi katta xarajatlarni talab qiladi. Bundan tashqari, bitta ulkan harbiy kema yolg‘iz o‘zi dengizga chiqa olmaydi. Shunday ekan, savol tug‘iladi: Shimoliy Koreya bunday xarajatlarni ko‘tara oladimi?, dedi u.
Kim Duk Ki, o‘z navbatida, yakuniy mahsulotni, ayniqsa uning halokatli imkoniyatlarini past baholash mumkin emas, deb hisoblaydi.
Agar Shimoliy Koreya yangi fregatni, yanvarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini iddao qilgan gipershovqinli ballistik raketa bilan jihozlasa, bu mintaqaviy xavfsizlik holatining o‘zgarishiga olib keladi, dedi sobiq dengiz ofitseri.
2021-yilda Shimoliy Koreyaning floti taxminan 400 jangovar patrul kemasidan va 70 ta suvosti kemasidan iborat edi, ammo ulardan deyarli barchasi eskirgan. Ochiq dengizda jang qilishga yaroqli bo’lgan yagona kemalar 1970-yillarda qurilgan “Nadjin” sinfidagi ikki fregat qolgan.
AQSH razvedkasiga ko‘ra, Janubiy Koreya yoki AQSH bilan har qanday to‘qnashuvda Shimoliy Koreya floti asosan qirg‘oq mudofaasiga e’tibor qaratadi, chunki ikki davlat ham ancha kuchli dengiz kuchlariga ega.
Biroq, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In floti modernizatsiyasini davom ettirmoqda: yangi fregatdan tashqari, Sinpo portida atom suvosti kemasi va Chondjin shahrida yana bir katta, ehtimol, eskadron kemasi qurilmoqda. Shuningdek, suvosti raketalarini va ularni tashish uchun suvosti kemalarini ishlab chiqish davom etmoqda. Sentyabr oyida Kim yangi yirik kemalar uchun qurilayotgan bazani ko‘zdan kechirgandi.
Izoh (0)