Misr va Janubiy Koreya 100 tagacha FA-50 o‘quv-hujumkor samolyotlari bo‘yicha bitimga yaqin turibdi. Muzokaralar yakuniy bosqichga yetib keldi. Bu haqda Misrning Seuldagi elchisi Xolid Abdulrahmon ma'lum qildi.
Diplomatga ko‘ra, kelishuv texnologiyalar transferini ham o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqaruvchi Korea Aerospace Industries (KAI) vakili esa ushbu bitim Misr aviatsiya sanoatini rivojlantirishini ta'kidladi. U, shuningdek, mazkur qadam Janubiy Koreyaning Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqalarini mustahkamlashini qo‘shimcha qildi.
FA-50 aviatsiya tilida “yengil jangovar samolyot” deb ataladi. Bunday nomni u asosan o'quv mashg‘ulotlariga moslangani, biroq quruqlik va havo nishonlariga ham zarba bera olishi sabab olgan. Koreys qiruvchisi Qo‘shma Shtatlarning F-16 samolyoti bilan 70 foizgacha o‘xshashlikka ega. Misr ularning yordami bilan o‘z inventarida mavjud eskirib borayotgan Alpha Jet va K-8E o‘quv samolyotlari parkini yangilashi mumkin.
Ma'lum qilinishicha, Misr dastlab taxminan 1 milliard dollarga 36 ta samolyot xarid qiladi. Biroq kelgusida ularning umumiy sonini 100 taga yetkazilishi mumkin. Agar bitim to‘liq amalga oshsa, samolyotlarning taxminan 70 tasi Qohira yaqinidagi Helvan shahrida yig‘iladi.
Qohira va Seul o‘rtasidagi harbiy hamkorlik FA-50 bilangina bilan cheklanmaydi. 2016-yilda Misr prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi hamda Janubiy Koreyaning o‘sha paytdagi rahbari Mun Chje In harbiy va savdo aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha strategik bitim imzolagandi.

Shundan so‘ng, aniqrog‘i 2017-yili Janubiy Koreya Misr dengiz kuchlariga “ikkinchi qo‘l” Pohang sinfidagi korvet sovg‘a qildi. 2023-yilda esa qiymati 1,66 milliard dollarlik harbiy shartnoma imzolandi. Unga muvofiq Qohira 216 dona Hanwha K9 o‘ziyurar gaubitsasi, noma’lum miqdordagi K10 o‘q-dori ta'minot mashinalari hamda 51 ta K11 o‘t ochishni boshqarish texnikalarini sotib oldi.
FA-50 samolyotlarining xaridi to‘g‘risida aynan hozir e'lon qilinayotgani tasodif emas. 2025-yilda Misr va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadi. Ikki davlat iqtisodiy va harbiy aloqalarni, ayniqsa so‘nggi yillarda, sezilarli darajada mustahkamladi.
Misr rasmiylari Janubiy Koreyani sifati G‘arb qurollaridan kam bo‘lmagan, biroq ancha arzon muqobillarni yetkazib beradigan ta'minotchi o‘laroq ko‘rmoqda. Koreya tomoni esa Misrni investitsiyalar uchun ulkan potensial va Yaqin Sharq hamda Shimoliy Afrikaga kirish eshigi sifatida baholamoqda.
Izoh (0)