Turkiyaga aldov yo‘li bilan chaqirilgan va murakkab vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda Bosh konsulxona axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, ota-onasidan erta ayrilgan S.S. qonuniy vasiylarining roziligisiz, Turkiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish maqsadida Istanbul shahriga kelgan. U o‘zbekistonlik tanishining tavsiyasi bilan Turkiyada tahsil olayotgan, A.D. ismli shaxs bilan bog‘langan.
Turkiyaga kelganidan so‘ng S.S.ni A.D. kutib olgan va unga bosim o‘tkazib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan. Qarshilik qilgan taqdirda esa uni mahalliy jinoiy guruhlarga topshirish bilan qo‘rqitgan.
Hayoti xavf ostida qolganini anglagan S.S. yordam so‘rab, diaspora vakillariga murojaat qilgan. Faollar tomonidan Bosh konsulxonaga olib kelingan qizning holati o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgan. Ushbu holatga aloqador shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar tashkil etilgan.
2025-yil 14-aprel kuni Bosh konsulxona, “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” va Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan qizning vatanga qaytishini tashkil etdi va u belgilangan tartibda davlat qaramog‘iga topshirildi.
O‘zbekistonda S.S. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan kutib olindi va hozirda uni oilaviy muhitga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Bundan avval Turkiyaning Istanbul shahrida o‘z qizi tomonidan qiyin ahvolda qoldirilgan ayol va uning o‘g‘li O‘zbekistonga qaytarilgan edi.
Izoh (0)