O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kipr bo‘yicha pozitsiyasiga sodiqligini yana bir bor bildirib, Turkiya nuqtai nazariga qarshi chiqdi. Xususan 3-4-aprel kunlari Samarqand shahri mezbonlik qilgan Yevropa Ittifoqi—Markaziy Osiyo sammitida tomonlar “barcha davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro tan olingan chegaralar doirasidagi mustaqilligini hurmat qilish majburiyatini” yana bir bor tasdiqlagan.
Gap BMT Xavfsizlik kengashining 541 va 550 sonli rezolyutsiyalari haqida bormoqda. Ularga ko‘ra, Turkiya tomonidan 1983-yilda tashkil etilgan “Shimoliy Kipr Turk Respublikasi” noqonuniy hisoblanadi.
Da’vo qilinishicha, oradan ko‘p o‘tmay mintaqaning uch davlati Kipr Respublikasiga yangi elchilar yuborgan. Ammo buni tasdiqlaydigan rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Mazkur qaror Anqaraning pozitsiyasiga zid keladi. Boisi Turkiya o‘z ta’siri ostidagi hudud xalqaro maydonda tan olinishi uchun diplomatik say-harakatlarni kuchaytirmoqda. Shimoliy Kiprning Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi maqomida kirishi buni tasdiqlaydi.
Anqara hozircha holatni rasman izohlamagan bo‘lsa-da, Shimoliy Kiprning transport vaziri va “Qayta tiklanish partiyasi” yetakchisi Erhan Erko‘chchi turk telekanali orqali efirga chiqib, keskin bayonot berdi:
“Markaziy Osiyo davlatlari Kipr masalasida turlicha pozitsiyada. Ular Yevroittifoq bilan aloqalarni ustun qo‘ymoqda. Ayrimlar 12 milliard yevrolik YI fondidan ulush olish uchun janubiy Kipr bilan aloqalarni mustahkamladi. Bu qaror biz –— shimoliy kiprlik turklar uchun haqoratli bo‘ldi”, degan u.
Masalaga Turkiyaning “Buyuk birlik partiyasi” raisi Mustafa Djestiji ham aralashdi. U vaziyatni “qabul qilib bo‘lmas” deb atagan.
Kipr muammosi bu orolning asosan greklar istiqomat qilayotgan janubiy va turklar yashovchi shimoliy qismi o‘rtasida bir necha yillardan buyon davom etayotgan mojarodir. 1960-yilda Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishgan orol aholisining taxminan 80 foizini greklar, 18 foizini esa turklar tashkil qiladi.

Yangi respublika konstitutsiyasi barcha etnik guruhlarni qonun oldida teng ko‘rardi. Unga binoan prezident grek, vitse-prezident esa turk bo‘lishi kerak edi. Biroq 1963-yilda mazkur amaliyot bekor qilindi. Shundan so‘ng millatlararo nizolar boshlanib, tarixga : “Qora rojdestvo” nomi bilan kirgan qonli voqealar yuz berdi. Natijada etnik ozchilik hisoblangan turklarning 30 mingga yaqini o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
1974-yili orolda yashovchi grek millatchilari Gretsiya bilan birlashish uchun davlat to‘ntarishi uyushtirdi. Bunga javoban, Turkiya harbiy amaliyot o‘tkazib, qo‘shin kiritdi. Buning natijasida orol ikki qismga bo‘linib ketdi. Janubda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan, shuningdek Yevropa Ittifoqi a’zosi hisoblangan Kipr respublikasi, shimolda esa faqatgina Anqara diplomatik munosabatlar o‘rnatgan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi hukmronlik qilmoqda.
Izoh (0)