AQSH havo hujumi uchun mo‘ljallangan 3 000 dan ortiq bomba va raketani Isroilga yuborishga tayyorlanmoqda. Yetkazib berish G’azoga hujum kuchaygani va Eronga qarshi ehtimoliy urush fonida amalga oshmoqda. Bu haqda The New Arab xabar berdi.

Isroil matbuotiga ko‘ra, qurollar G‘azodan tashqari AQSH bilan birgalikda Eronga zarba berish uchun ham mo‘ljallangan. Tramp agar Tehron bilan yadoriv kelishuvga erishilmasa, uni bombardimon qilish bilan tahdid qilgandi. So‘nggi kunlarda Isroilga allaqachon MK-84 tipidagi og‘ir bombalar va boshqa qurollar yuborilgan.
Isroilning Nevatim harbiy-havo kuchlari bazasiga Amerikaning Boeing C-17 og‘ir harbiy-transport samolyotlarining o‘nlab reyslari yetib kelgan. Samolyotlarda AQSHning butun dunyo bo‘ylab joylashgan bazalaridan keltirilgan qurollar bo‘lgan.
Og‘ir bombalar yetkazib berish avvalroq Jo Bayden ma’muriyati tomonidan muzlatib qo‘yilgan edi, biroq Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgach, cheklovlarni bekor qildi. The New Arab nashriga ko‘ra, kelishuv doirasida Isroilga quyidagi qurollar yuborilgan:
3 000 ta AGM-114 Hellfire raketasi,
2 166 ta GBU-39 boshqariluvchi bomba,
13 000 dan ortiq JDAM to‘plamlari (aviabombalar uchun yo‘naltiruvchi tizim),
17 000 ta FMU-152A/B portlovchi qurilmalar.
Bu qurollar Lockheed Martin, Boeing va L3Harris kabi yirik AQSH mudofaa kompaniyalari tomonidan yetkaziladi. Bu 2024-yilda boshlanib, 2028-yilgacha davom etadi.
Yaqin oylarda Isroil 10 000 dan ortiq qo‘shimcha qurollarni ham olishi kutilmoqda. Bu AQSH va Isroil o‘rtasidagi bitimning bir qismidir.
Isroilning G‘azoni bombardimon qilishi va gumanitar yordam yetkazib berishni to‘xtatgani sababli AQSH Senatida yahudiy davlatiga yordamni bloklash taklif etilgandi. Biroq o‘tgan hafta Isroilga qurol sotishni bloklash taklifi ko‘pchilik ovozi bilan rad etildi.
Izoh (0)