O‘zbekiston va Kot-d’Ivuar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ma’lum qilinishicha, 29-aprel kuni Nyu York shahrida O‘zbekiston va Kot-d’Ivuar Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike imzolandi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Kot-d’Ivuarning BMTdagi doimiy vakili Tiyemoko Moriko imzoladi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu tariqa, G‘arbiy Afrikada joylashgan Kot-d’Ivuar O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 160-davlatga aylandi. Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Afrika qit’a mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 159-davlat Tinch okeanidagi orol-mamlakat, Yer yuzidagi eng kichik mustaqil respublika – Nauru hisoblanadi.
2024-yil sentyabrida Liberiya O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 154-davlat, Togo 155-davlat, Bagama Orollari Hamdo‘stligi esa 156-davlat bo‘lgandi.
Nyu Yorkda 2025-yilning 5-fevral kuni O‘zbekiston va Somali o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike imzolangandi.
Izoh (0)