AQSH harbiy havo kuchlari tomonidan NGAD (Next Generation Air Dominance — Keyingi Avlod Havo Ustunligi) dasturi uchun o‘tkazilgan konkursda Boeing g‘olib deb topilgandi. Donald Tramp “oltinchi avlod”ga mansubligi aytilayotgan qiruvchi samolyotga F-47 deb nom berdi.
Buning ortidan Lockheed Martin kompaniyasi samolyotni ishlab chiqarish hamda uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatishdan keladigan yuzlab milliard dollarlik shartnomalardan mahrum bo‘ldi. Ammo ular taslim bo‘lmoqchi emas.

Kompaniya bosh direktori Jim Tayklet Pentagonning konkurs bo‘yicha qaroriga e’tiroz qilmasligi, biroq NGAD dasturi uchun ishlab chiqilgan ilg‘or texnologiyalar F-35 va F-22 samolyotlariga tatbiq qilinishini aytdi. Bu haqda u investorlar uchun tayyorlangan hisobotda ma’lum qildi. Qayd etilishicha, bu orqali yuqorida sanab o‘tilgan samolyotlar “super qobiliyatlar”ga ega bo‘ladi.
“NGAD uchun ishlab chiqilgan ba’zi texnologiyalar va imkoniyatlar mavjud. Endi ularni F-35 va F-22’da qo‘llay olamiz. Aslida, biz F-35 bazasidan foydalanib, uni Ferrari darajasiga olib chiqmoqchimiz”, degan Tayklet.
Bosh direktorning ta’kidlashicha, F-35 qiruvchisi bu orqali “oltinchi avlod” samolyotining 80 foiz texnik imkoniyatlariga ega bo‘ladi. E’tiborlisi, bu uchun yangi samolyot ishlab chiqarishga ketadigan xarajatning yarimi sarflanadi.

Modernizatsiya
F-35 va F-22 qiruvchilarining texnik imkoniyatlarini rivojlantirish anchadan beri kun tartibida turibdi. Bu uchun Block 4 dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, eng katta yangilik yo‘ldosh dron bilan bog‘liq.
Mutaxassislar wingman, deb ataydigan uchuvchisiz uchish qurilmasi avtonom parvoz qiladi. U qiruvchi samolyotga og‘ir o‘q-dorilarni olib yurish, riski yuqori missiyalarni bajarishda yordam beradi. Dron ko‘rsatmalarni o‘zi biriktirilgan uchuvchidan oladi. Lockheed Martin mazkur texnologiya sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlagan.

Chuqur modernizatsiya yangilik emas
Lockheed Martin bosh direktori nazarda tutgan yondashuv amerikalik muhandislar uchun yangilik emas. Masalan F-15 samolyoti ham chuqur modernizatsiyadan o‘tkazilib, F-15EX Eagle II ishlab chiqilgan edi. Garchand u to‘rtinchi avlod samolyoti bo‘lsa-da, beshinchi avlodning ilg‘or texnologiyalari, jumladan zamonaviy avionika va elektron urush tizimlari bilan ta’minlangan.
Shu bois Tayklet F-35 Ferrari’ni 5+ avlod deb atadi. Bu F-15EX bilan yonma-yon keladigan “4+ avlod” ta’rifi bilan o‘xshashdir.
Ma’lum qilinishicha, NGAD loyihasi doirasida ishlab chiqilgan texnologiyalarning ba’zilarini AQSH hukumati moliyalashtirgan, qolgani uchun esa Lockeed Martin mablag‘ ajratgan. Dushman nishonlarini o‘zini fosh qilmasdan turib skanerlash imkonini beruvchi passiv infraqizil sensorlar, yaxshilangan stels (radarlarda ko‘rinmaslik) texnologiyalari hamda yuqorida sanab o‘tilgan wingman dronlari shular jumlasidan.
Eksport masalasi
Lockheed Martin shu kunga qadar 1100 dan ortiq F-35 Lighting II qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqardi. Asosiy xaridor AQSH hisoblansa-da, yana 20 dan ortiq davlat ularni sotib olgan yoxud buyurtmachilar ro‘yxatida navbatini kutyapti.

Tayklet yangi texnologiyalar avvalo Qo‘shma Shtatlar harbiylariga berilishini aytib, ittifoqchilarga sotilgan samolyotlarni ham modernizatsiyadan o‘tkazish niyati borligini bildirdi. Ammo bu masalada yakuniy qarorni AQSH hukumati qabul qiladi.
“Biz imkon qadar ko‘proq texnologiyalarni eksportga yaroqli, sotish uchun hukumatdan ruxsat olish imkoniyati yuqori qilib loyihalashtiramiz”, dedi Tayklet.
Ma’lum bo‘lishicha, rasmiylar Lockheed Martin kompaniyasiga ularning prototipi NGAD dasturida nima uchun tanlab olinmaganini izohlab, maxfiy axborot (debriefing) topshirgan. Kompaniya hozircha buni o‘rganmoqda. Ammo tafsilotlar oshkor etilmaydi.
Izoh (0)