AQSH harbiy-havo kuchlari Yamandagi migrantlarni saqlash markaziga aviazarba berdi. Oqibatda 30 ga yaqin odam halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda Al Masirah xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujum payti markazda jami 115 dan ortiq odam bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni qidirishda davom etmoqda. Qurbonlar va jarohatlanganlar soni ortishi mumkin. Aviahujum oqibatida bino yong‘in ichida qolgan. Voqea joyida fuqarolik mudofaasi kuchlari bo‘linmalari ishlamoqda.
Livanning Al Mayadeen telekanaliga ko‘ra, Saada kasalxonalari jarohatlanganlar bilan to‘lib-toshgan. Ushbu hujumlar AQSHning Qizil dengizdagi Yaman husiylari hujumini to‘xtatishga qaratilgan harbiy kampaniyasining bir qismidir. Biroq zarbalar asosan tinch aholi punktlariga berilgan, oqibatda begunoh erkaklar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar soni ortib bormoqda.
Yamanning Adliya va inson huquqlari vazirligi AQSH tomonidan tinch aholi, obyektlar va fuqarolik obyektlariga qarshi davom etayotgan tajovuzkor jinoyatlarni qoraladi. Husiylar Isroilning G‘azodagi urushiga norozilik sifatida Bob al-Mandeb bo‘g‘ozidan o‘tayotgan, asosan, Isroil, AQSH va Britaniya kemalarini nishonga olishda davom etmoqda. Ularning bayonotiga ko‘ra, agar Isroil doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, hujumlar ham to‘xtatiladi.
Izoh (0)