Toshkent hududining qariyb yarmi yaqin 20 yil ichida rekonstruksiya va yangilanishga muhtoj. Bu haqda CMWP Uzbekistan konsalting kompaniyasi va Atlas Global byurosi tomonidan tayyorlangan “IQ Toshkent 25. Shaharning 1930—2025-yillardagi rivojlanish dinamikasi” mavzusidagi tadqiqotda keltirilgan, deb yozmoqda uning nusxasi bilan tanishib chiqqan Spot.

Bosh reja asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtdagi mavjud qurilish va infratuzilmalarning 43 foizi uchun rekonstruksiya zarur. Bu hajmga nafaqat turar joy binolari, balki ko‘cha-yo‘l tarmog‘i, muhandislik kommunikatsiyalari va jamoat joylari ham kiradi.
Shahar muhitini yangilash uch yo‘nalishda amalga oshiriladi:
- hududning 43 foizi — rekonstruksiya: ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini qisman zichlashtirish va rivojlantirish orqali mavjud binolarni yangilash;
- hududning 28 foizi — konservatsiya: obodonlashtirish va atrof-muhit barqarorligini ta’minlagan holda yangi qurilishsiz joriy foydalanishni saqlab qolish;
- hududning 15 foizi — renovatsiya: kam qavatli, sanoat va foydalanilmayotgan uchastkalarni, yangi qurilishlarni shakllantirish orqali to‘liq o‘zgartirish.
Yo‘nalishlarning har biri hayot sifatini yaxshilash va poytaxtni o‘sib borayotgan aholi va iqlim o‘zgarishi muammolariga moslashtirishga qaratilgan.
Strategiya doirasida rekonstruksiya funksional vazifasini to‘liq o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lmagan binolar, kommunikatsiyalar va transport uzellarini yangilash hisoblanadi.
Hududni to‘liq buzish va yangidan qurishni nazarda tutuvchi renovatsiyadan farqli o‘laroq, rekonstruksiya bir vaqtning o‘zida atrof-muhit sifatini, energiya samaradorligini va iqlim muammolariga chidamliligini oshirish bilan tuzilmani saqlab qolishga qaratilgan.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, Toshkentning faol rivojlanishi shaharning asosiy tizimlarini, jumladan, transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilishni, shuningdek, ko‘kalamzorlashtirishni kengaytirishni talab qiladi.
Iqlim barqarorligini oshirish eng muhim vazifalardan biri bo‘ladi. Hozirda shahar hududining 85 foizi “issiqlik oroli” ta’siri — tomlar, asfalt va boshqa suv o‘tkazmaydigan yuzalarda issiqlik to‘planishi natijasida qizib ketish xavfi ostida qolmoqda.
Taklif etilayotgan yechimlar orasida shox-shabbali daraxtlarni ekish orqali zich ko‘kalamzorlashtirish, och tusli qoplamalarni qo‘llash va ochiq tuproqni shamol ta’sirida nurashdan himoya qilish kabilar bor.
2024-yilning dekabrida Toshkent shahrining kelgusi 20 yilga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangandi. Hujjatda poytaxtni kompleks rivojlantirish, qurilishlarni rejalashtirish va infratuzilmani yaxshilash belgilangan. Bosh rejada aholining harakatlanishiga bo‘lgan talabni qondirish hamda transport oqimi barqarorligini ta’minlash, shaharning hududlari zichlik parametrlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida shaharsozlik talablarini belgilash muammolarini hal qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Izoh (0)