Shahar infratuzilmasi haqiqatan ham hamma uchun qulaymi? Nogironligi bor fuqarolar uchun hayotda qanday to‘siqlar mavjud?
“Deputat bilan bir kun” loyihasi doirasida Qonunchilik palatasi deputati Jasur Jumayev shahar infratuzilmasini o‘rganib, mavjud muammolarni yoritib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Jasur Alimboyevich Jumayev — 2024-yilgi saylovlarda O‘zbekiston tarixida nogironligi bor insonlar orasidan birinchi bo‘lib deputat etib saylangan. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi deputati hisoblanadi.
Deputat shaxsiy tajribasi va ijtimoiy faoliyati orqali jamiyatimizda nogironligi bor insonlar uchun haqiqiy teng imkoniyatlar yaratish, infratuzilmalarni inklyuziv qilish yo‘lida faol harakat qilib kelmoqda.
Yaqinda Jasur Jumayev “Deputat bilan bir kun” loyihasi doirasida shahar infratuzilmasini amaliy o‘rgandi va nogironligi bor fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlarning haqiqiy ahvolini ochib berdi.
Ko‘rgazma uchun qurilgan panduslar
Deputat shahar bo‘ylab harakatlanar ekan, pandus, metro bekatlari, avtobuslar va yerosti o‘tish joylaridagi holatlarni o‘rgandi. Uning taʼkidlashicha, shahardagi ko‘pgina panduslar nogironlar foydalanishi uchun qulay emas va faqat rasmiy ko‘rsatkichlar uchun qurilgan.
Metro bekati uchun o‘rnatilgan pandus haqida gapirar ekan deputat:
“Agar men bu pandusdan foydalanadigan bo‘lsam, shikastlanishim aniq, birinchi guruh nogironi bo‘lsam, undan ko‘p nogironlik olaman”, deya, kulib qo‘ydi.
Muammo faqat panduslarda emas. Metro, avtobus bekatlari va ko‘plab jamoat joylari hali hamon nogironligi bor insonlar uchun to‘liq moslashtirilmagan. Amaldagi infratuzilma barcha fuqarolar uchun teng va erkin harakatlanish imkonini bermayapti.
Sijjak qishlog‘ida aholi bilan uchrashuv
Loyiha doirasida Jasur Jumayev o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sijjak qishlog‘iga ham tashrif buyurdi. U yerda aholi vakillari bilan uchrashib, mavjud muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rgandi. Suhbatlar davomida qishloq aholisi infratuzilma, ijtimoiy xizmatlar va kundalik hayotdagi qiyinchiliklar haqida fikr almashdi.
Deputat aholi bildirgan muammolarni eshitar ekan, ularni Qonunchilik palatasi va tegishli tashkilotlar muhokamasiga olib chiqib o‘rganishini bildirdi.
Inklyuzivlik — faqat shiorda emas, hayotda bo‘lishi shart
Jasur Jumayevning fikricha, haqiqiy inklyuzivlik — qog‘ozda emas, hayotda o‘z aksini topishi lozim. Panduslar, transport tizimi, yo‘l infratuzilmasi va jamoat muassasalari — barchasi nogironligi bor insonlar uchun ham qulay bo‘lishi shart.
Haqiqiy taraqqiyot va adolat — faqat sog‘lom odamlarga emas, jamiyatdagi har bir fuqaroga teng imkoniyat berilishida namoyon bo‘ladi.
Izoh (0)