Toshkent, Namangan va Samarqand viloyatlarida jami 3,3 mlrd so‘mlik elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanildi.

Jumladan, Yangiyo‘l tumanida fuqaro K.Sh. “Samarqand” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Natijada 433,5 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, Yangi Namangan tumanida “N.K.” MCHJ masʼul shaxslari MCHJga tegishli issiqxonada tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 186,6 mln so‘mlik “svet”dan noqonuniy foydalangan.
Shu bilan birga, YTT “X.R.” (muqaddam sudlangan) va fuqaro Sh.R. “Oromgoh” MFY hududidagi novvoyxonada tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 148,3 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlar o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand tumanining “Gulobod” MFYda joylashgan nodavlat ta‘lim muassasasi binosida 2 ta katta quvvatdagi isitish qozonlari orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 1 mlrd 914 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Pop tumanida yashovchi YTT o‘zi yashab kelayotgan xonadonda tashkil etilgan yog‘ochga ishlov berish sexini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulagan. Oqibatda 674 mln so‘mlik elektrni o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Pop tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bunday holatlar soni ortib bormoqda
Samarqand viloyatidagi korxonalardan biri 553 million so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlangandi. Shu bilan birga Qashqadaryoda 177 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlangani xabar qilingandi.
Shuningdek, Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan korxona davlatga 1 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgan. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilgandi.
Izoh (0)