Kanadaning Vankuver shahridagi festival vaqtida avtomobil odamlar ustiga haydadi. Hodisa oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, haydovchi esa qo‘lga olindi. Bu haqda mahalliy rasmiylar xabar berdi.

Voqea 26-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida yuz bergan. Festival davomida avtomobil to‘satdan olomon ustiga haydagan, 5 kishi jarohatlangan. Hodisa Lapu-Lapu kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan festival vaqtida sodir bo‘lgan. 30 yoshli haydovchi politsiya tomonidan qo‘lga olingan, voqea yuzasidan tergov ishlari boshlangan.
Hozircha hodisa terakt sifatida baholanmayapti. Lapu-Lapu fillipinliklar tomonidan har yili 27-aprelda o‘tkaziladigan bayram. U Maktan oroli sardori 1521-yilda ispan mustamlakachilari ustidan qozongan g‘alabasi sharafiga nishonlanadi. Vankuverdagi festivalda ham filippinliklar jamoasi milliy bayramini nishonlayotgan edi.
Vankuverdagi fojia Germaniyaning Mangeym shahridagi shunga o‘xshash voqeadan ikki oy o‘tmay sodir bo‘ldi. Mangeymda 3-mart kuni avtomobil olomon ustiga haydagan, oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan va 25 kishi yaralangan edi.
Izoh (0)