Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-aprel kuni Andijon viloyatiga keldi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, davlat rahbari dastlab Andijon xalqaro aeroportini modernizatsiyalash ishlarining borishi bilan tanishdi. Bu aeroport 1978-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.

Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yerosti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yo‘lagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
-jSa3SXj4.avif)
Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni ham, noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.
Endi, ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
-ud4U_GXr.avif)
Faoliyatini qayta boshlagan mazkur aeroportda hozirda Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari bu yerda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
-Vj3fJtRc.avif)
-oV5aWtKV.avif)
Andijon xalqaro aeroporti 2023-yilning 1-aprelidan boshlab aerodrom qoplamasi rekonstruksiya qilinishi tufayli aviaparvozlar uchun vaqtincha yopilgandi. Aeroportning mavjud uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi 2985 metr va eni 44 metr bo‘lib, yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, shuningdek, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli ko‘plab turdagi samolyotlarni qabul qilishda va tunda faoliyat olib borishda cheklovlar mavjud edi. Aeroport 20-mart kuni ochildi. Birinchi reys Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi.
Prezident matbuot kotibining ma’lum qilishicha, tashrif davomida yangi korxonalar faoliyati, sanoat, energetika, shaharsozlik va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, joylardagi qurilish va bunyodkorlikni ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat rahbari hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Shavkat Mirziyoyev bundan avval 2024-yilning 15—16-fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrif buyurgandi. Unda ko‘plab loyihalar bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.
Izoh (0)