Bolalarga qo‘pol munosabat qilingan “Tanzilandiya” bog‘chasi sud qarori bilan litsenziyasidan ayrildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari “Daryo”ga xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 14-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumani, Kichik avtomobil halqa yo‘li va Buyuk ipak yo‘li yo‘li ko‘chalari kesishmasida joylashgan “Yuksalish Construction” (“Tanzilandiya”) nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘rganish o‘tkazildi. Aniqlangan qo‘pol kamchiliklar asosida bog‘chaning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritildi.
19-mart kuni sudning hal qiluv qarori bilan xususiy bog‘cha 2019-yil 27-dekabr kunidagi litsenziyasi bekor qilindi. Sudning qaroridan norozi bo‘lib, javobgar iqtisodiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritdi.
23-aprel kuni soat 12:00 da Toshkent shahar sudida sudya Usmanov Anvar Akramovich raisligida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Sud hay’ati tomonidan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirishni rad etdi va qarorni o‘z kuchida qoldirdi.
Tarmoqlarda Toshkentdagi xususiy bog‘chalardan birida tarbiyachilar bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan videolar tarqalgandi. “Repost.uz” bunday vaziyat Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Tanzilandiya” xususiy bolalar bog‘chasida muntazam ravishda sodir bo‘lishini yozgandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ota-onalardan biri farzandining xulq-atvoridagi o‘zgarishlarni sezgan. Nima bo‘layotganini tushunish maqsadida farzandining o‘yinchog‘iga ovozni yozib oluvchi moslamasini o‘rnatib, bolani bog‘chaga yuborgan.
Sakkiz soatlik audio yozuvda bog‘cha tarbiyachilari noxush so‘zlar bilan gaplashib, bolalarni bir necha bor kaltaklagani eshitilgani aytilmoqda. Qayd etilishicha, shundan so‘ng ota-onalar bog‘cha direktoridan ololmagan kamera yozuvlarini IIBga borgach ko‘rishgan.
Unda tarbiyachilar bolalarni sport zali, kiyinish xonalari va faollar zalida kaltaklagani, ammo ota-onalar uchun videokuzatuv mavjud bo‘lgan xonalarda tinch va xushmuomalalik bilan muomalada bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Shuningdek, avvalroq Yunusoboddagi First Daycare bog‘chasi tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga skotchlab qo‘ygani haqida xabar berilgandi.
Bu kabi salbiy holatlarning so‘nggi vaqtlarda ko‘payishi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga ko‘rsatilayotgan ta’lim va tarbiya xizmatlari hamda ularga yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatmoqda.
Hozirda respublika bo‘yicha 31 139 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 6 919 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi kabi noxush holatlarning yuz bermayotganiga hech kim kafolat bermaydi, deyiladi Senat xabarida.
Senator vazirdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘ragan.
Bolalarni jazolab tarbiyalash aslo mumkin emas
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 6-mart kuni davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi mas’ullari bilan uchrashuvda bolalarga har qanday shaklda kuch ishlatish, jazolab tarbiyalash aslo mumkin emasligini aytgandi. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodim birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishi shartligini ta’kidlagandi.
So‘nggi oylarda bog‘chalarda bolalarga nisbatan qilingan qo‘pol munosabatlar
2025-yil 3-aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi bog‘chada bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan tarbiyachi ishdan olingani ma’lum qilindi. 27-mart kuni Toshkent viloyatidagi bog‘chada ham bolalarga qo‘pollik qilib kelgan tarbiyachi ishdan olingandi. 14-fevral kuni Samarqandning Jomboy tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni urib, ularni haqoratlagani uchun jarimaga tortilib, ishdan ketgandi. 28-fevral kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, yuz va bosh qismlariga bir necha marotaba urgani aniqlandi. 21-fevralda Toshkentdagi bog‘chada bola stulga skotchlab qo‘yilgani ortidan tarbiyachi va uning yordamchisi ishdan bo‘shatildi. 6-fevral kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bog‘chada 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchib, tahdid qilingani aniqlandi. 6-yanvarda Toshkent viloyatidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, bir necha marotaba urgani aniqlanib, ishdan olindi.
Bugun esa Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida xususiy bog‘cha xodimi 6 yoshli bolani kaltaklagani xabar qilindi.
Izoh (0)