Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar sonining keskin ortishi fonida tig‘izlik muammosi yuzasidan o‘z sahifasida yozdi. Ushbu material yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK bayonot berdi.

“Toshkent metropoliteni” DUK bergan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi olti yil davomida poytaxtdagi metro yo‘nalishlari 33 km ga kengaytirilgan, 21 ta yangi bekat qurib, foydalanishga topshirilgan. Shunday qilib, hozirda metro bekatlarining umumiy soni 50 taga, yo‘nalishlarning umumiy uzunligi esa 71 km ga yetgan.
Yo‘lovchilar oqimi ham sezilarli darajada ortgani qayd etilgan. 2021-yilda kunlik tashilayotgan yo‘lovchilar soni 280-300 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 1 milliondan oshgan.
Metropoliten vakillariga ko‘ra, tig‘izlikning oldini olish maqsadida so‘nggi uch yil davomida ertalabki tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati orasidagi intervallar qisqartirilgan. Masalan, Chilonzor yo‘nalishida 2021-yilda poyezdlar oralig‘i 5 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 1,5 daqiqaga qisqartirilgan. O‘zbekiston yo‘nalishida interval 6 daqiqadan 3 daqiqagacha, Yunusobod yo‘nalishida esa 11 daqiqadan 4 daqiqagacha tushirilgan. Halqa yo‘nalishida esa poyezdlar oralig‘i 12 daqiqadan 9 daqiqagacha qisqargan.
2021-yilgacha jami 36 ta poyezd qatnovda bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 75 taga yetkazilgan. 2025-yil davomida esa yana 56 dona yangi zamonaviy vagonlar xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu esa harakat tarkibini yangilash va intervallarni yanada qisqartirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, metropoliten rasmiylari yo‘lovchilardan metroda harakatlanish qoidalariga amal qilishni, vagon eshiklari oldida to‘planmaslikni, tushayotgan yo‘lovchilarga yo‘l berishni va shaxsiy buyumlarni e’tiborsiz qoldirmaslikni so‘ragan.
Bayonotda sohada mavjud muammolarni chuqur o‘rganish va tizimli yechimlar ishlab chiqish uchun deputatlar va metropoliten rahbarlaridan iborat ishchi guruh tuzish taklifi ham ilgari surilgan.
Metrodagi nosozliklar:
- Toshkent metropolitenining “O‘zgarish” bekatida yong‘in chiqdi
- Toshkent metropolitenida poyezdda yong‘in chiqqani aytilgan xabarga izoh berildi
- Toshkentda metro vagonlaridan birining eshigi ochilmay qoldi
- Toshkentda metro poyezdi nosozlik sabab to‘xtab qoldi
- Toshkentda metro poyezdi ochiq eshik bilan harakatlandi (video)
- Toshkent metropolitenida poyezd ikki bekat oralig‘ida to‘xtab qoldi
2024-yilda metropolitenda qancha yo‘lovchi tashilgan?
Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-dekabr oylarida Toshkent metropolitenida jami 270,3 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 98,3 mln nafar yo‘lovchiga yoki 57,2 foizga o‘sgan.
Ushbu ko‘rsatkich yillar kesimida quyidagicha:
- 2020-yil – 38,8 mln nafar;
- 2021-yil – 101,8 mln nafar;
- 2022-yil – 136,7 mln nafar;
- 2023-yil – 172 mln nafar;
- 2024-yil – 270,3 mln nafar.
Izoh (0)