Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi xususiy maktabda faoliyat yurituvchi to‘garak rahbari jarimaga tortildi. U o‘quvchisini kaltaklaganlikda ayblangandi. Bu haqda sayyor sud majlisida qatnashgan “Daryo” jurnalisti xabar berdi.
O‘qituvchi o‘quvchisini kaltaklash voqeasi 2025-yilning 4-aprel kuni bo‘lib o‘tgandi.
O‘g‘lim Abdullohni Sergelidagi “Mudarris” maktabiga o‘qishga bergandim. 7-sinfda o‘qiydi. Uning shaxmat ustozi bor ekan, tadbir bo‘layotgan paytda u o‘g‘limni urgan. Farzandim tadbir paytida sinfdoshi ukasining mazasi qochib qolganini aytmoqchi bo‘lib, uning oldiga borganida o‘qituvchi dastlab bolamning boshiga urgan. Keyin voqea joyida kamera borligi uchun uni kamerasiz xonaga olib o‘tib kaltaklagan. O‘g‘lim o‘qituvchisining kaltaklashi oqibatida yopiq bosh miya ichki jarohatini olgan. Xususiy klinikada ham tekshirtirdim, aynan shunaqa jarohat chiqyapti, degandi bu haqda “Daryo”ga xabar bergan o‘quvchining otasi.
Murojaatchi 7-aprel kuni farzandini Chilonzor tumanidagi respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga ham olib borgan.
16-balnitsa’da ham bosh miya ichki jarohati deyishdi. Shifokorlar 102 qilishgan, IIBdan ariza olishgandi. Ammo natija yo‘q. Shu sabab kecha, 7-aprel kuni Sergeli tuman prokuraturasiga murojaat qilib, IIB xodimlarining harakatsizligini aytdim. Shunday bo‘lsa-da, natija yo‘q. Shu bois jurnalistlarga voqeani aytyapman, degandi murojaatchi.
“Mudarris” xususiy maktabida akademik direktor sifatida faoliyat yurituvchi Sohibxon Ibragimovning maʼlumot berishicha, voqeadan so‘ng shaxmat to‘garagi rahbari ishdan olingan. Maktab direktoriga hayfsan berilgan.
Xususiy maktab xodimining ushbu harakati Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining tergov sudyasi Valiyev raisligida sayyor sud tartibida ko‘rib chiqildi. Sudda OAV vakilining foto, video hamda audiomateriallar olishiga taqiq qo‘yildi.
Sudda so‘z olgan sudlanuvchi aybiga iqrorligini, boshqa takrorlamasligini aytgan bo‘lsa, kaltaklangan bolaning otasi ekspertning bola yengil tan jarohati olgan degan xulosasidan noroziligini aytdi.
Shuningdek, “bolalarga qo‘l ko‘taruvchi bunday o‘qituvchilarni tizimda ishlash huquqidan mahrum qilish kerak”, dedi.
Men o‘g‘limga qo‘l ko‘targan o‘qituvchini kechirmayman va umuman O‘zbekistonda o‘quvchisini urib tarbiyalab, unga taʼlim beradigan pedagoglarni oqlamayman. Kaltak yeb katta bo‘lgan bolaning kelajagi qanday bo‘ladi? Shu sabab bugun yurtimizda Rossiyaga borib, qora mehnat qilib pul topuvchilar ko‘paymoqda. Ularning ko‘payishiga o‘quvchiga qo‘l ko‘tarayotgan shunday o‘qituvchilar sababchi. Shuni inobatga olgan holda bu o‘qituvchini ham tizimda ishlash huquqidan mahrum qilish kerak, dedi u.
Sudya yig‘ilgan dalillar va ekspert xulosasini tinglab, o‘quvchisini kaltaklangan to‘garak rahbarini Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari — 1,5 million so‘m miqdorida jarima jazosini tayinladi.
Izoh (0)