Donald Tramp Amerika prezidentligiga qayta saylangach, global iqtisodiyotda eng keskin burilishlardan biri — savdo urushi boshlandi. Aprel oyining boshida Amerika 185 ta davlatdan keladigan mahsulotlarga bojlarni keskin oshirdi. Global savdo urushi uchinchi davlatlar, jumladan, O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi? Bunday murakkab pallada nimalarga e’tibor qaratish zarur? “Daryo” bu borada mutaxassislar fikrini o‘rgandi.
Iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasulning fikricha, global savdo urushi davrida ayrim xomashyo mahsulotlarining narxi keskin ko‘tarilishi yoki pastlashi mumkin. U inqiroz O‘zbekistonning yengil sanoati uchun bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini aytib o‘tdi.
“Markaziy Osiyo davlatlari jahon bozoriga asosan xomashyo yetkazib beradi. Masalan, O‘zbekiston asosan oltin sotadi. Turkmaniston – gaz, Qozog‘iston esa neft. Iqtisodiy inqiroz davrida ayrim xomashyo mahsulotlarining narxi ko‘tariladi, ayrimlariniki esa tushadi.
Hozir O‘zbekiston sotadigan oltin narxi keskin oshmoqda, Fyuchers (bu moliyaviy bozorlarda kelajakda biror aktivni (masalan, neft, oltin, valyuta yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) oldindan belgilangan narxda sotib olish yoki sotish bo‘yicha tuziladigan shartnoma – tahr.) larda 1 unsiya otinning narxi – 3300 dollar.
Lekin dunyo bozorida neft narxi tushib bormoqda. Bu asosan neft eksport qiluvchi davlatlarga yomon. Agar neft narxi pastlasa, bu bilan parallel ravishda gaz narxi ham pastlaydi.
Masalan, Qozog‘iston 2024-yilda 80 milliard dollar eksportdan daromad qilgan. Shundan 43 milliard dollar neft eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi. Endi Qozog‘iston bu masalada jiddiy bosh qotirishi kerak.
Biroq odamlar global savdo urushi O‘zbekiston uchun yaxshi bo‘lar ekan deb o‘ylamasin. Chunki oltin narxi oshgani bilan, boshqa xomashyo narxlari keskin tushadi. Inqiroz O‘zbekistonning yengil sanoati uchun ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin”, dedi u.
Biroq iqtisodiy tahlilchi Qobiljon Isayevning ta’kidlashicha, jahon iqtisodiyotida yuz beradigan inqiroz Markaziy Osiyo mamlakatlariga unchalik ta’sir ko‘rsatmaydi.
“Har qanday inqiroz davrida xalqaro valyutalarga bo‘lgan ishonch pasayadi, oltin narxi esa ko‘tariladi. Shu bilan birga O‘zbekiston jahon bozoriga to‘liq integratsiya qilmagan. Mana shu joylarda O‘zbekistonning pozitsiyasi yaxshi.
Lekin xalqaro miqyosida retsetsiya sodir bo‘lsa, mamlakatlar tashqi savdoda katta yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. Bu davrda kichik mamlakatlarning eksport hajmi qisqarib, import hajmi oshish ehtimoli yuqori bo‘ladi”, deya fikr bildirdi Isayev.
Xalqaro miqyosda iqtisodiy inqiroz boshlansa, hukumat qanday chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerak?
Ushbu savolga tahlilchi Shuhrat Rasul javob berar ekan, iqtisodiy retsetsiya davrida aholining kambag‘al qismi katta zarar ko‘rishini, bunday vaziyatda hukumat oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarni qisqartirishi yoki olib tashlashi kerakligini bildirdi.
“O‘zbekiston o‘z boshidan bir qancha inqirozlarni boshdan o‘tkazgan. Masalan, 2020-yilda pandemiya davrida muhim deb hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlariga davlat bojlari olib tashlangan edi. Bu eng to‘g‘ri yo‘l. Chunki inqiroz davrida aholining qashshoq qismi katta zarar ko‘radi. Menimcha, agar inqiroz boshlansa, hukumat albatta bu ishni amalga oshiradi.
Shuningdek, hukumat global inqiroz davrida korxona va tashkilotlar bankrot bo‘lmasligi uchun soliq yig‘imlarida yengilliklar berishi kerak. Agar hukumat soliqlarni qisqartirsa, byudjetga tushum kamaymaydi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy inqiroz vaqtida oltin narxi ko‘tariladi. Oltin narxining ko‘tarilishi hisobidan O‘zbekiston byudjet yo‘qotishlarini qisman qoplashi mumkin. Agar dunyoda iqtisodiy retsetsiya boshlanib ketsa, bunda O‘zbekistonning bitta yaxshi ko‘zir kartasi bor. Bu — oltin”, dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 18-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi.
Unda davlat rahbari yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi mumkin ekanligini aytib o‘tgan edi.
“Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq signal bo‘lishi kerak”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari o‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligini qayd etib o‘tgandi.
Izoh (0)