Venetsiya sayyohlik solig‘ini qayta joriy etadi. Bu yil shaharga kirish narxi sayyohning chiptani qachon sotib olganiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

18-apreldan boshlab sayyohlar shaharga kirish uchun 5 yevro to‘lashlari shart. Biroq agar chipta tashrifdan uch kundan kam vaqt oldin sotib olinsa, summa ikki baravarga, ya’ni 10 yevrogacha oshadi. Yangi tartib 54 kunlik mavsumga, asosan 18-apreldan 27-iyulgacha bo‘lgan muddatdagi dam olish kunlariga taalluqli. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p. Yig‘im mahalliy vaqt bilan soat 8:30 dan 16:00 gacha undiriladi.
Venetsiyada turistik yig‘im ilk bor o‘tgan yili joriy etilgan bo‘lib, o‘shanda rasmiylar bunday usul sayyohlar oqimini cheklashga yordam berishini ta’kidlagan edi. Aslida bu tashabbus shaharga tashrif buyuruvchilar soniga deyarli ta’sir ko‘rsatmagan. Ammo shaharga 2,4 million yevro daromad keltirgan.
Sayyohlar Venetsiya—Santa Lyuchiya temir yo‘l vokzali kabi shaharning asosiy kirish nuqtalarida nazoratchilarga turistik yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi QR-kodini ko‘rsatishlari kerak. Bir kechaga joy band qilgan sayyohlar to‘lovdan ozod etiladi. Talab Veneto mintaqasi aholisi va 14 yoshdan kichik bolalarga taalluqli emas. Ammo soliq to‘lashga majbur bo‘lmaganlar ham maxsus saytda ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
2024-yilda Venetsiya sayyohlar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. Unga har yili 30 millionga yaqin odam tashrif buyuradi, ularning aksariyati bir kunga keladi.
Venezia Today mahalliy yangiliklar saytining xabar berishicha, 35 mingdan ortiq sayyoh allaqachon bir kunlik sayohatlar uchun chiptalarni bron qilgan.
Izoh (0)