Politsiyaning maxsus tergov guruhi Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyatida hamda Xannamdon tumanidagi qarorgohda himoyalangan aloqa orqali o‘tkazilgan telefon suhbatlari ma’lumotlari saqlanishi taxmin qilinayotgan serverlarni musodara qilish maqsadida yana tintuv o‘tkazishga harakat qilmoqda. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Tergov guruhi ma’muriyat va qarorgohga yetib kelib, prezident qo‘riqlash xizmatiga tintuv o‘tkazish uchun orderini ko‘rsatgan. Politsiya hokimiyat organlariga xizmat vazifalarini bajarishda to‘sqinlik qilish bo‘yicha shubhalarni tekshirmoqda. Yanvar oyida prezident qo‘riqlash xizmati tergovchilarga hozirda sobiq davlat rahbari Yun Sok Yolni isyon ishi bo‘yicha qamoqqa olishga yo‘l qo‘ymagan edi. Biroq 16-aprel kuni prezident ma’muriyatida xavfsizlik xizmati tintuv o‘tkazishga ruxsat bermadi.
4-aprel kuni Konstitutsiyaviy sud Yun Sok Yolga nisbatan impichmentni tasdiqladi va uni prezidentlik daxlsizligidan mahrum etdi. Ilgari unga qarshi daxlsizlik tatbiq etilmaydigan isyon moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, endi hokimiyat organlariga to‘sqinlik qilishda gumon qilinib, tergov o‘tkazish imkoni paydo bo‘ldi. Bu 4-apreldan keyin tergov doirasida majburiy choralarni qo‘llashga birinchi urinishdir.
Shu bilan birga, kecha prezident qo‘riqlash xizmati direktori o‘rinbosari Kim Son Xun iste’foga chiqish niyatida ekanligini ma’lum qilgan. Unga nisbatan hokimiyat organlariga vakolatlarini amalga oshirishda to‘sqinlik qilish va vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Xususan, u serverlardagi ma’lumotlarni o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkinligidan gumon qilinmoqda. Taxminlarga ko‘ra, harbiy holat joriy etilgandan so‘ng Yun Sok Yol himoyalangan aloqa orqali ko‘rsatmalar bergan. Yaqinda sud Kim Son Xunni qamoqqa olish haqidagi prokuratura iltimosini rad etgan.
Politsiya prezident qo‘riqlash xizmati idorasidan server ma’lumotlarini musodara qilishga besh marta uringan, biroq har safar Kim Son Xundan rad javobini olgan. Bundan tashqari, tergov guruhi sobiq ichki ishlar vaziri Li Sang Minga qarshi isyon bo‘yicha tergov doirasida tashqi kuzatuv kameralari yozuvlarini olib qo‘ymoqchi. Li Sang Min harbiy holat davrida yirik ommaviy axborot vositalari idoralarini suv va energiya ta’minotidan uzib qo‘yishga buyruq berganlikda gumon qilinmoqda.
Prezident harbiy holat joriy etishga uringani uchun hokimiyatdan chetlashtirilgandi
Janubiy Koreya parlamenti 14-dekabr kuni Yun Sok Yolni hokimiyatdan chetlatdi. Bunga davlat rahbari tomonidan 3-dekabr kuni siyosiy muxoliflarga qarshi kurashish maqsadida e’lon qilingan harbiy holat sabab bo‘ldi. Yunning qarori jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi, parlament harbiy holatni tezda bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Prezident vazifasini bajaruvchi dastlab mamlakat bosh vaziri Xan Dok Su bo‘ldi. Biroq 27-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti uni ham hokimiyatdan chetlatishga ovoz berdi. Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimida uning o‘rnini bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxve San Mok egalladi. U barqarorlikni tiklash uning siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini bildirdi.
Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilinishiga aloqador bo‘lgan bir necha amaldorlar, jumladan, sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va bir necha yuqori martabali harbiy razvedka xodimlari hibsga olingan.
Izoh (0)