Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘lgan U-17 O‘zbekiston milliy jamoasiga tabrik yo‘lladi.

“O‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Saudiya Arabistoni maydonlarida bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak sovrin – Osiyo kubogini qo‘lga kiritganingiz bilan xalqimiz nomidan, o‘z nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord natija ko‘rsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir”, deyiladi prezident tabrigida.
Davlat rahbari musobaqa yakuniga ko‘ra uch nafar iste’dodli va mohir sportchi yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lgani, jumladan, Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
“El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi bo‘lgan mana shunday tarixiy g‘alaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman”, deydi prezident o‘z tabrigida.
Shavkat Mirziyoyev jamoa ushbu g‘alabadan ruhlanib, 2025-yil noyabr oyida Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham Osiyoning g‘olib jamoasi sifatida munosib ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonining Toif shahrida o‘tgan Osiyo Kubogida bosh sovringa ega chiqdi. Finalda O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medallarga ega chiqdi. Bosh murabbiy Islombek Ismoilov ham jamoasining chempionlikni qo‘lga kiritganini jasorat, matonat namunasi deb atadi.
Izoh (0)