Daryo

Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri hibsga olindi 

Sobiq vazir harbiy holat uchun xalqdan uzr so‘rab, iste’foga chiqqandi

2 daqiqa o‘qish11 992 ko‘rishlar0 izoh0

Janubiy Koreya sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyun mamlakatda harbiy holat joriy etishda ishtirok etgani uchun 8-dekabr kuni hibsga olindi. Bu haqda prokuratura bayonotiga tayanib Reuters xabar berdi.

Foto: Reuters

Sobiq vazir ixtiyoriy ravishda Seulning Markaziy tumani prokuraturasiga kelib, so‘roqdan o‘tgan. Shundan so‘ng Kim Yong Hyun hibsga olingan, uning telefoni esa musodara qilingan.

Kim Yong Hyun 4-dekabr kuni iste’foga chiqqandi va prezident Yun Sok Yol 3-dekabr kuni mamlakatda qisqa muddatli harbiy holat joriy etgani uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgandi. Aynan mudofaa vaziri prezidentga harbiy holat joriy etishni taklif qilgan, deb taxmin qilinmoqda.

Janubiy Koreya prokuraturasi mamlakatda harbiy holat joriy etilgani munosabati bilan isyon va hokimiyatni suiiste’mol qilish bo‘yicha ikkita jinoiy ishni tergov qilmoqda. Prezident Yun Sok Yol isyonda gumonlanuvchi sifatida qaralmoqda.

Koreyada harbiy holat

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3-dekabr kuni kechqurun mamlakatda favqulodda harbiy holat e’lon qildi. Parlament va siyosiy partiyalarning faoliyati taqiqlandi. Davlat rahbari bu qarorni “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish va mamlakat ichidagi Shimoliy Koreya tarafdorlarini yo‘q qilish” zarurati bilan izohladi.

Hukumat harakatlaridan norozi bo‘lib, parlament binosi oldida namoyishchilar to‘plandi. Politsiya parlamentga kirishni to‘sib qo‘ydi va shahar ko‘chalarida harbiy texnika paydo bo‘ldi.

Bir necha soatdan so‘ng 300 deputatdan 190 nafari parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi va harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Muxolifat yetakchisi Li Je Men prezident qarorini “konstitutsiyaga zid” deb atadi va uni “xalqqa qarshi” qadam sifatida qoraladi. Kechroq Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda joriy etilgan harbiy holatni bekor qilishga rozi bo‘ldi.

Mudofaa vaziri xalqdan uzr so‘radi

4-dekabr kuni mudofa vaziri Kim Yong Hyun xalqdan uzr so‘rab, iste’foga chiqishga tayyorligini aytdi. U yuzaga kelgan barcha tartibsizliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, iste’foga chiqdi. Bunga muxolifatdagi yetakchi “Toburo” demokratik partiyasi mudofaa vaziriga impichment e’lon qilgani turtki bo‘ldi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar