Yilning so‘nggi kunlari o‘tib borayotgani barcha sohalarda, jumladan, sportda ham sarhisob vaqti kelganini anglatadi. Futbol bo‘yicha mamlakat Superligasida bo‘lgan voqealar, Eldor Shomurodovning “Roma” klubiga o‘tishi, Tokio—2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarning ishtiroki, shaxmatdagi mojaro va chempionlik, poytaxtdagi boks oqshomlari, umuman olganda 2021-yil davomida o‘zbek sportida sodir bo‘lgan muhim hodisalarni barchasini “Daryo” bir sahifaga to‘pladi.
“Bularga kim chora ko‘radi? Qachongacha chidash mumkin?”. “So‘g‘diyona” – “Turon” uchrashuvi atrofidagi mojarolar
14-mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 2-turi doirasida “So‘g‘diyona” jamoasi “Turon” klubini qabul qildi (1:0). O‘yindagi esda qolarli vaziyat kiritilgan gol bo‘lishdan avvalgi, penalti belgilangan vaziyat bo‘ldi. Unda “So‘g‘diyona” futbolchisining bergan zarbasi “Turon” futbolchisining boshiga tegdi. O‘yinni boshqarib borgan hakam Viktor Serazitdinov esa ushbu vaziyatni penalti deya baholadi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Turon” jamoasi bosh murabbiy Islombek Ismoilov o‘z fikrlarini juda keskin ohangda bildirdi.
Keyinroq uchrashuvni boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinov hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi, “Turon” klubi murabbiyi Islombek Ismoilov esa 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Shuningdek, klub prezidenti Abduvahob Ahmadaliyevga nisbatan jarima intizomiy chorasini belgiladi.
Bir penalti tarixi. “Navbahor” – “Paxtakor” o‘yini atrofidagi mojarolar
Superliga 5-turi doirasida 7-aprel kuni kechgan “Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvi 1:2 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘ldi.
O‘yinning so‘nggi daqiqalarida bosh hakam tomonidan “Navbahor” darvozasi tomon penalti belgilandi. Ayni shu holat VAR tizimi orqali 6 daqiqa davomida ko‘rib chiqildi va yakunda hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Ushbu vaziyat esa bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Uchrashuv yakunlangandan keyin hakamlar va “Paxtakor” futbolchilari stadionni tark etayotganda namanganlik muxlislar ularga turli vositalar uloqtirdi.
Tartibsizliklar stadion tashqarisida ham davom etdi, muxlislar MTRKga tegishli avtomobil yo‘lini to‘sib, unga zarar yetkazdi. “Paxtakor” klubi va hakamlar jamoasi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan xavfsiz hududga qadar kuzatib qo‘yildi. Uchrashuvdan keyingi tartibsizliklarda qatnashgan 7 nafar fuqaro javobgarlikka tortilgani haqida ma’lumot berilgandi. O‘FA “Navbahor” futbol klubi esa keyingi ikkita uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazishi to‘g‘risida qaror chiqardi.
Maydondagi tortishuv: “Nasaf” – “So‘g‘diyona” uchrashuvidagi mojaro
O‘zbekiston chempionatining 12-turi doirasida kechgan “Nasaf” — “So‘g‘diyona” uchrashuvida (1:0) har ikki jamoa vakillari o‘rtasida tortishuvli vaziyat yuzaga keldi.
Uchrashuv yakunlanishi arafasida mehmonlar “Nasaf” futbolchisiga nisbatan qo‘pol harakat qildi. Natijada bu ommaviy janjalga aylanib ketdi. Vaziyatga huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari aralashdi va biroz muddatdan keyin holat yumshadi. Hakam videotakrorlardan keyin uch nafar futbolchiga (“Nasaf”ning ikki va “So‘g‘diyona”ning bir futbolchisiga) qizil kartochka ko‘rsatdi.
Yana o‘sha jamoalar – endigi mojaro Jizzaxda
O‘zbekiston Kubogining chorak finalidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” — “Nasaf” (0:1) uchrashuvi ommaviy mushtlashuv va tartibsizliklar bilan yakunlandi. Ushbu uchrashuv so‘ngida “Nasaf” sardori Umarbek Eshmurodov mezbonlar hujumchisi Bahodir Nasimovning boshiga zarba berdi. Hakam bu lahzani payqamadi, o‘yinda VAR tizimi ham yo‘q edi. Bahs yakunlanganidan so‘ng tomonlar o‘zaro bahslashishda davom etdi, xususan, Umar Eshmurodov va “So‘g‘diyona” ustozi Ulug‘bek Baqoyev o‘rtasida og‘zaki tortishuv ham bo‘lib o‘tdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, janjal kiyinish xonasi yo‘lagida ham davom etgan.
Keyinroq “So‘g‘diyona” jamoasi vakillari Ulug‘bek Baqoyev hamda Bahodir Nasimov, shuningdek, “Nasaf” klubi futbolchisi Umar Eshmurodovlar 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Yil yakuni. “Paxtakor” yana chempion, “So‘g‘diyona” — vitse-chempion
2021-yilgi mavsumda Toshkentning “Paxtakor” jamoasi 60 ochko bilan, o‘zining eng yaqin ta’qibchisidan 13 ochko o‘tib ketgan holda chempionlikni qo‘lga kiritdi.
2-o‘rin uchun kurashda so‘nggi tur oldidan uchta jamoa turgan edi. “OKMK” klubi o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga mag‘lub bo‘ldi va kumush medaldan quruq qoldi. Shuningdek, “Lokomotiv” mehmonda “Nasaf” ustidan g‘alabaga erishib qarshiliklarni 2-o‘rindan mosuvo etdi.
26-tur yakunlariga ko‘ra, Jizzaxning “So‘g‘diyona” hamda Olmaliqning “OKMK” jamoasi bir xil – 47 ochkodan jamg‘ardi. O‘zaro o‘yinlarda ustunlik “So‘g‘diyona”da bo‘lganligi uchun jizzaxliklar vitse-chempion, olmaliqliklar esa 3-o‘rinni egalladi.
Superliganing 2021-yilgi mavsumida ishtirok etgan 14 ta jamoadan uchtasi musobaqani tark etdi. “Turon” hamda “Andijon” 13 va 14-o‘rinni egalladi. Muborakning “Mash’al”i esa 12-o‘rinni olib, Pro-Ligada 3-o‘rinni olgan “Olimpik” jamoasi bilan “o‘tish o‘yini”da ishtirok etdi. Ushbu bahs 3:1 hisobida “Olimpik”ning g‘alabasi bilan yakunlandi.
Shuningdek, Pro-Liganing 2021-yilgi mavsumida Farg‘onaning “Neftchi” klubi birinchi o‘rinni, Samarqandning “Dinamo” klubi esa ikkinchi pog‘onani qo‘lga kiritib, Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdi.
O‘zbek futbolidagi 2021-yilning eng yaxshilar kimlar bo‘ldi?
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
Toshkentdagi Renaissance Hall saroyida 25-dekabr, shanba kuni UZ Football Awards—2021 marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda futbol sohasida turli nominatsiyalar bo‘yicha O‘zbekistonning 2021-yildagi eng yaxshilari aniqlandi.
- Yilning eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev (“Nasaf”);
- Yilning eng yaxshi futbolchisi – Eldor Shomurodov (“Roma”);
- Superliganing eng yaxshi murabbiyi — Piter Hyuistra (“Paxtakor”);
- Superliganing eng yaxshi futbolchisi — Husayn Norchayev (“Nasaf”);
- Yosh yulduz — Husayn Norchayev (“Nasaf”);
- Superliga-2021 to‘purari — Dragan Cheran (“Paxtakor”) — 16 ta gol;
- Superliganing eng chiroyli goli — Bilolxon Toshmirzayev (“Lokomotiv” — “Turon” uchrashuvida kiritgan goli);
- Yilning eng yaxshi hakami — Ilgiz Tantashev.
Osiyo Chempionlar Ligasi hamda OFK Kubogi musobaqalarining 2021-yilgi mavsumida O‘zbekistondan uchta klub – “Paxtakor”, “OKMK” hamda “Nasaf” ishtirok etishdi.
Markazlashgan tarzda o‘tkazilgan OChL guruh bosqichi o‘yinlarida ishtirok etgan poytaxtning “Paxtakor” jamoasi B guruhida “Sharja”, “Traktor” va “Eyr Fors”ga qarshi bahs yuritdi. Toshkentliklar guruhda 1 g‘alaba, 4 durang va 1 mag‘lubiyat bilan 7 ochko olgan holda 3-o‘rinni egalladi.
A guruhida ishtirok etgan “OKMK” jamoasi “Istiqlol Dushanbe”, “Al-Hilol” va “Shabob al-Ahli” bilan kuch sinashdi. 2 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat bilan 7 ochkoga ega chiqqan olmaliqliklar 4-o‘rin bilan guruhda qolib ketdi.
Qarshining “Nasaf” klubi OFK Kubogida ishtirok etdi va finalga qadar yetib bordi. Musobaqaning F guruhidan o‘z ishtirokini boshlagan qarshiliklar 100 foizlik natija bilan pley-offga yo‘llanma oldi. “Nasaf” finalga qadar bo‘lgan yo‘lda Turkmanistonning “Ahal”, Hindistonning “Mohun Bagan” hamda Gonkongning “Li Man” jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi. Biroq O‘zbekiston jamoasi final o‘yinida Bahraynning “Al-Muharraq” klubiga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi yana bir bor Jahon Chempionatidan quruq qoldi. Terma jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlandi
Osiyo mintaqasida JCh—2022 saralashining ikkinchi bosqich o‘yinlari 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sabab to‘xtab qolgandi. Iyun oyida musobaqa markazlashgan tizimda o‘tkazildi. O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinlar Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tdi. Vadim Abramov qo‘l ostidagi jamoa Singapur va Yamanni qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. Biroq so‘nggi turda Saudiya Arabistoniga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi va o‘z tarixida ilk bor mundial saralashining hal qiluvchi bosqichiga chiqa olmadi.
Bir tomondan OFK va FIFA tomonidan chiqarilgan qaror O‘zbekistonni keyingi bosqichga chiqish imkoniyatidan quruq qoldirdi. Gap shundaki, Osiyo futbol konfederatsiyasi KXDR terma jamoasining JCh—2022 va Osiyo Kubogi—2023 qo‘shma saralashida qatnashishdan bosh tortganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng FIFA tomonidan kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, Osiyo mintaqasida barcha guruhlardagi eng yaxshi ikkinchi o‘rinni olgan jamoalarni aniqlashda ularning beshinchi (so‘nggi) pog‘onani egallagan terma jamoalar bilan o‘yinlari natijasi bekor qilindi.
D guruhida Yaman so‘nggi o‘rinni oldi va O‘zbekistonning yamanliklarga qarshi o‘yinlardagi 6 ochkosi olib tashlandi. Sakkizta guruhdan beshta eng yaxshi ikkinchi o‘rin egalari keyingi bosqichga yo‘l oldi. O‘zbekiston esa Tojikiston va Kuvayt singari jamoalar bilan birga o‘z yurishini to‘xtatdi.
Ushbu qoniqarsiz natijadan keyin O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari kongressida O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan hamkorlik to‘xtalishini ma’lum qildi. Shuningdek, ushbu majlisda yarim himoyachi Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Avgust oyi oxirida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanes bosh murabbiyi etib tayinlandi. Shartnoma 2025-yilga qadar mo‘ljallangan. Uning murabbiylar shtabida 5 nafar xorijlik mutaxassis ish olib boradi. Alesh Chex va Vlado Radmanovich — yordamchi murabbiylar, Martin Magister jamoa a’zolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar, Nihad Peykovich — darvozabonlar murabbiyi, Yan Katanes — fizioterapevt.
O‘zbekiston terma jamoasining Katanes qo‘l ostidagi ilk o‘yini Shvetsiyaga qarshi bo‘ldi. O‘rtoqlik maqomida o‘tgan bahsda O‘zbekiston terma jamoasi 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Eldor Shomurodov Rimning “Roma” klubiga o‘tdi
Italiyaning “Roma” klubi “Jenoa” safida to‘p surgan o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov bilan shartnoma imzoladi. 26 yoshli o‘zbek futbolchisi “Roma” bilan 2026-yilning iyun oyigacha bo‘lgan shartnoma imzoladi. Shartnomaga asosan, “Jenoa” klubi o‘yinchining keyingi transferlaridan ulushga da’vogarlik qilishi mumkin.
Ayni kunga qadar o‘zbekistonlik futbolchi Rim klubi safida jami 23 ta uchrashuvda maydonga chiqib, 3 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatining nimchorak finaliga chiqdi
Sentabr oyida futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Litvada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etib, 1/8 finalga qadar yetib bordi. B guruhida Rossiya, Gvatemala hamda Misr terma jamoalari bilan qatnashgan o‘zbekistonlik futzalchilar 3 tur yakuniga ko‘ra, 3 ochko bilan 2-o‘rinni egalladi.
1-turda Gvatemala bilan o‘yinda 4:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi 2-turda Rossiyaga 2:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. 3-turda o‘zbekistonlik futzalchilar Misr terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Guruhning ikkinchi o‘yinida Rossiya Gvatemalani 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, guruhda 9 ochko bilan peshqadam bo‘ldi. O‘zbekiston termasi 3 ochko bilan 2-o‘rinni egalladi.
1/8 finalda O‘zbekiston terma jamoasi Eronga to‘qnash keldi. Osiyo grandlari o‘rtasidagi o‘yin 8:9 hisobida forslarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Shunday qilib futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatining nimchorak final bosqichiga yo‘l oldi.
Toshkentda ikkita yirik prof boks oqshomi o‘tkazildi
Matchroom va “Mir boksa” promouterlik kompaniyalari 2021-yilda Toshkent shahrida ikkita yirik boks kechasini tashkil qildi. Ularning dastlabkisi aprel oyida Humo Arenada o‘tkazildi. Unda sakkiz nafar o‘zbekistonlik bokschi o‘z jangini o‘tkazdi.
Musobaqaning asosiy jangida Murodjon Ahmadaliyev yaponiyalik Ryosuke Ivasini mag‘lub etib, WBA va IBF kamarlarini himoya qildi. Shuningdek, Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘stmatov, Sanjar Tursunov va Iqboljon Xoldorov ushbu boks oqshomida ringga ko‘tarildi. Barcha janglarda o‘zbek bokschilarining qo‘li baland keldi.
Ikkinchi yirik musobaqa dekabr oyida bo‘lib o‘tdi. Toshkentdagi Renaissance Hall’da tashkil etilgan oqshomning asosiy jangi Isroil Madrimov va Mishel Soro o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda Madrimov texnik nokaut evaziga raqibini yengib, WBA Super kamari uchun majburiy da’vogarga aylandi.
Boks kechasida Dilshod Ro‘zmetov rossiyalik bokschini mag‘lub etib, professional boksdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi, Iqboljon Xoldorov belaruslik bokschini nokautga uchratdi, Elnur Abduraimov ham nokaut evaziga g‘alaba qozondi. Bektemir Meliqo‘ziyev to‘liq davom etgan jangda 36 yoshli rossiyalik bokschini mag‘lub etdi, Hasanboy Do‘stmatov meksikalik raqibini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratdi. Shahram G‘iyosov esa argentinalik bokschi ustidan qiyin g‘alabaga erishdi.
Bektemir Meliqo‘ziyev chuqur nokautda
Professional boksning supero‘rta vazn toifasida (-76,2 kg) harakat qiladigan o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyev iyun oyida amerikalik Gabriel Rosadoga qarshi jang qildi.
AQShning El-Paso shahri (Texas shtati) mezbonligida o‘tkazilgan Meliqo‘ziyev—Rosado jangi atigi 3 raund davom etdi. Jang aslida 12 raundga belgilangandi. 1-raund Bektemirning to‘liq ustunligida o‘tdi va u hatto raund so‘ngida Gabrielni nokdaun holatiga tushirdi. 2-raundda esa bokschilar biroz sokinlashdi. 3-raundga kelib Meliqo‘ziyev hujumga o‘tgan bir vaqtda Rosadoning o‘ta kuchli o‘ng qo‘l zarbasini qabul qildi va chuqur nokaut holatiga tushdi. Shu tariqa jang yakunlandi.
Rosado bu g‘alaba orqali Bektemirning WBA Continental va WBO International kamarlariga ega chiqdi.
Tokio—2020. Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 5 ta medalga ega chiqdi
23-iyuldan 8-avgustga qadar Yaponiyaning Tokio shahrida yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar orasidan Ulug‘bek Rashidov (taekvondo), Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika) va Bahodir Jalolov (boks) oltin, Davlat Bobonov (dzyudo) hamda Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash) bronza medaliga ega chiqdi.
Toshkentda 9-avgust oqshomida Tokio—2020 sovrindorlari va ishtirokchilarini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Aeroportdagi badiiy dastur va qutlovlardan keyin sportchilar Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yo‘l oldi. U yerda Olimpiada sovrindorlariga qator sovg‘alar topshirildi.
Tokio Olimpiya o‘yinlari oltin medal egalariga Chevrolet Tahoe avtomobili va 4 sotixli 3 xonali hovli kalitlari topshirildi. Bronza medaliga ega chiqqanlarga esa Chevrolet Trailblazer va 2 xonali uy berildi.
Tokio—2020. Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonliklar 19 ta medal sohibi bo‘ldi
24-avgustdan 5-sentabrga qadar bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Paralimpiada g‘olib va sovrindorlari ham munosib mukofotlandi. Oltin medal sohiblariga prezident nomidan Tahoe avtomashinasi va poytaxtdan uch xonali kvartira berildi. Vitse-chempionlarga Traverse avtomobili va ikki xonali kvartira, bronza medal sohiblariga Trailblazer avtomobili hamda ikki xonali uyning kalitlari topshirilgan.
Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari bir martalik pulli mukofotga ega chiqdi. Oltin medal uchun 200 ming dollar, kumush va bronza uchun mos ravishda 100 ming va 50 ming dollar mukofot puli berilgan.
Yil apseti: O‘zbekiston boks terma jamoasi Jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi
Serbiyaning Belgrad shahrida 25-oktabrdan 6-noyabrga qadar boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati o‘tkazildi. 13 ta vazn toifasida barchasida O‘zbekistondan bokschilar ishtirok etdi.
Kuchli tarkibga ega O‘zbekiston terma jamoasi kutilmaganda musobaqada birorta ham oltin medal ololmadi va bittadan kumush hamda bronza bilan cheklandi. Abdumalik Halokov (-60 kg) finalga qadar yetib borgan bo‘lsa, Madiyor Saidrahimov (-92 kg) yarim finalda o‘z yurishini to‘xtatdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining qolgan 11 nafar ishtirokchisi esa yarim finalga qadar yetib kela olmadi. Hasanboy Do‘stmatov, Shohjahon Abdullayev, Mirazizbek Mirzaxalilov, Shahram G‘iyosov, Shahobiddin Zoirov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Odiljon Aslonov, Nodirjon Mirzahmedov, Saidjamshid Ja’farov, Lazizbek Mullajonov va Mujibillo Tursunov turli bosqichlarda mag‘lubiyatga uchrab, Jahon chempionatini medalsiz yakunladi.
Tokio Olimpiadasi g‘olibi Akbar Jo‘rayev og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioniga aylandi, Ruslan Nuriddinov kumush medalga ega chiqdi
Toshkentda dekabr oyida og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi ikki Olimpiadaning chempion va rekordchilari Ruslan Nuriddinov hamda Akbar Jo‘rayev ishtirok etdi.
Dast ko‘tarish bo‘yicha Ruslan Nuriddinov uchta urinishdan bittasini ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi va 185 kg bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. Tokio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Akbar Jo‘rayev uchala urinishni ham muvaffaqiyatli yakunlab, 195 kg natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Siltab ko‘tarish bo‘yicha ham birinchi o‘rin Akbar Jo‘rayevga nasib etdi. Kumush medali sohibi Ruslan Nuriddinov esa uchta urinishdan ikkitasini ko‘tara oldi.
Umumiy natijalar bo‘yicha Akbar Jo‘rayev 433 kg bilan oltin medalga ega chiqdi. Ruslan Nuriddinov 421 kg natija qayd etib, kumush medal sohibiga aylandi.
Murod Xonto‘rayevdan Nikolay Shirshovgacha. Yo‘qotishlarga boy bo‘lgan 2021-yil
2021-yil o‘zbek sportida katta yutuqlar qatori ulkan yo‘qotishlarga ham boy bo‘ldi. O‘zbekistonlik MMA yulduzi Murod Xonto‘rayev 19-iyul sanasida Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Xonto‘rayev boshqaruvidagi BMW X5 rusumli avtomobil Lacetti’ga turtilib ketishi oqibatida yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan. Natijada O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev voqea joyida vafot etgan.
Dekabr oyi so‘ngida O‘zbekiston terma jamoasining sobiq futbolchisi Nikolay Shirshov 47 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Shuningdek, 2021-yilda MMA jangchisi Elbek Rahimov qotillik qurboniga aylandi, futbolchi Asadbek To‘rayev suvga cho‘kib ketdi, bokschi Go‘zal Ismatova saraton xastaligi tufayli vafot etdi. Futzalchi Timur Berdiyev, futbolchilar Diyor Rahimqulov va Samandar Yigitaliyev avtohalokat qurboniga aylandi.
Shaxmatda mojarolar bilan boshlangan yil chempionlik bilan yakunlandi
2021-yilning yanvar oyida “Daryo” O‘zbekiston tarixidagi eng yosh grossmeyster Javohir Sindorov bilan intervyuni e’lon qilgan edi. Shaxmatchi tushunarsiz taqiqlar va federatsiyaning e’tiborsizligi haqida gapirgandi.
Keyinroq O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi “Daryo”da e’lon qilingan Javohir Sindorov bilan intervyuga rasmiy munosabat bildirdi. Federatsiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev intervyuda so‘zga olingan ayrim ma’lumotlarga sharh berib o‘tgan. Shundan keyin Javohir Sindorov federatsiyaning murojaatiga o‘z munosabatini bildirgan. U federatsiya vakillari uning ko‘p so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganш va videodagi qator boshqa masalalarni ochiq qoldirganini ta’kidlagan edi.
Aslida nomdor shaxmatchilar va federatsiya o‘rtasidagi mojaro 2020-yilning oxirida boshlangandi. O‘shanda Gulruhbegim Tohirjonova AQShning Missuri universiteti jamoasida dona surayotgani va endi xalqaro musobaqalarda AQSh nomidan qatnashishi ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik bloger Aziza Umarova shaxmatchilar oilasi va federatsiya o‘rtasidagi sovuq munosabat haqida maqola e’lon qildi. Bunga javoban federatsiya raddiya bildirdi. Federatsiya ushbu xabarlar fonida OAVda e’lon qilingan maqolalarni bir yoqlama deb baholagan. Shuningdek, terma jamoadan chiqib ketish fikri sportchining o‘ziga tegishli ekani va bunda boshqalarni aybdor qilish mumkin emasligi ta’kidlangan. Keyinroq opa-singil shaxmatchilar Nafisa Mo‘minova va Xulkar Tohirjonova Shaxmat federatsiyasining raddiyasiga munosabat bildirib, “Shaxmat federatsiyasi ustimizdan mag‘zava ag‘dardi” degandi.
2021-yil 14-yanvar kuni “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori e’lon qilindi. Oy oxiriga borib shaxmat federatsiyada rahbariyat almashdi. Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi.
Yil so‘ngida o‘zbek shaxmatida yangi sahifa ochildi. Polshaning Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishdi. 17 yoshli Nodirbek chempionlikka qadar 5 karra Jahon chempioni Magnus Karlsen, g‘oliblikka da’vogar Yan Nepomnyashiy va yana boshqa nomdor raqiblarni ortda qoldirib, rapid yo‘nalishida Jahon chempioni bo‘lgan eng yosh shaxmatchiga aylandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Nodirbek Abdusattorovga “Mard o‘g‘lon” mukofoti va Toshkentdan 2 xonali uy sovg‘a qilindi.
Uzbekistan Sport Awards—2021. O‘zbek sportida yilning eng yaxshilari aniqlandi
Toshkent shahrining Hilton mehmonxonasida 29-dekabr, chorshanba kuni Uzbekistan Sport Awards—2021 marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda turli nominatsiyalar bo‘yicha 2021-yilning eng yaxshilari aniqlandi.
Muxlislar talqiniga ko‘ra, bokschi Bahodir Jalolov yilning eng yaxshi sportchisi deb topildi. Jalolov 2021-yilda Tokio Olimpiya o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.
Respublika Komissiyasi xulosasiga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasiga O‘zbekiston Milliy kubogi g‘olibi, og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari oltin medali egasi va jahon chempioni Akbar Jo‘rayev loyiq ko‘rildi.
Yil kashfiyoti sovrini esa taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashidovga nasib etdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)