Xalqaro huquqni buzib Ukrainaga hujum qilganidan uch yarim yil o‘tgach, Rossiya bugun o‘t ochishni to‘xtatish va jangovar harakatlarni tugatishga rozi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Fridrix Merts X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilgan.

“Biz Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Trampning muzokaralar haqidagi taklifini jiddiy qabul qilishini va Alyaskadagi uchrashuvdan so‘ng Ukraina bilan hech qanday shartlarsiz muloqotni boshlashini kutmoqdamiz”, deb yozdi Merts.
Uning ta’kidlashicha, Germaniya so‘nggi kunlarda Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari bilan hamkorlikda Yevropa va Ukraina xavfsizligining asosiy manfaatlarini kafolatlaydigan tinchlikka erishish yo‘lini ko‘rsatish ustida ishlamoqda.
“Maqsadimiz prezident Zelenskiy ham ishtirok etadigan sammit o‘tkazish bo‘lishi kerak. U yerda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilishi lozim. Ukraina kuchli xavfsizlik kafolatlariga muhtoj. Hududiy masalalar faqat ukrainaliklarning roziligi bilangina hal qilinishi mumkin. Biz bu xabarlarni prezident Trampga aniq va bir ovozdan yetkazdik. Men hozirga qadar u bilan bu borada aloqada bo‘lib turibman. Prezident Tramp endi tinchlik sari katta qadam qo‘yishi mumkin”, deya ta’kidladi kansler.
Qo‘shimcha qilinishicha, Tramp ushbu tashabbus va so‘nggi kunlardagi yaqin hamkorlik uchun “minnatdorchilikka loyiq”.
“Yevropalik hamkorlar bilan so‘nggi muzokaralarimiz davomida biz uni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashimizga ishontirdik”, deya qo‘shimcha qildi Merts.
Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Donald Tramp 15-avgust kuni Alyaskada rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashadi
Izoh (0)