Samarqandning “Dinamo” klubi Superliga 2022-yilgi mavsumiga yo‘llanma oldi.

Foto: PFL

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Pro-Ligasining 17-turida “Olimpik” 13-oktabr kuni “Nurafshon”ga qarshi bahsda raqib darvozasiga javobsiz 5 ta gol urdi. Bu g‘alaba “Dinamo”ning muddatidan avval Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga sabab bo‘ldi. “Nurafshon” ushbu o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng 2-o‘rinni egallash imkoniyatini boy berdi va “Dinamo”ning Superligaga chiqishini ta’minladi.

Shu tariqa samarqandliklar ikki yildan so‘ng Superligaga qaytdi. 2019-yilgi mavsumda “Dinamo” 14-o‘rinni egallab, Pro-Ligaga tushib ketgan edi.

Avvalroq “Neftchi” muddatidan oldin Superligaga chiqish vazifasini uddalagan edi.

Foto: PFL

Eslatib o‘tamiz, Pro-Ligada dastlabki ikki o‘rinni olgan jamoalar Superligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Pro-Liganing uchinchi jamoasi Superliganing 12-o‘rin egasi bilan o‘tish bahsida qatnashadi.