Superliga 5-turi doirasida o‘tgan 7-aprel kungi o‘yinda “Navbahor” o‘z maydonida “Paxtakor”ga yutqazib qo‘ydi (1:2).

Foto: “Daryo”

Uchrashuv yakunlanib borayotgan bir vaqtda uchrashuv bosh hakami videotakrorlardan keyin namanganliklar darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini Dragan Cheran golga aylantirdi va “sherlar”ning g‘alabasini ta’minladi.

Hakamning ushbu qarori stadionga yig‘ilgan tomoshabinlarga yoqmadi. Avvaliga muxlislar o‘yin tugaganidan keyin hakam kiyinish xonasiga yo‘l olayotgan vaqtda turli buyumlarni maydonga uloqtirgan holda o‘z noroziligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlangandan keyin ishqibozlarning ko‘p qismi o‘yingoh atrofida to‘plangan va hakamdan noroziligini namoyish qilgan.

Shuningdek, muxlislar tomonidan VAR moslamalari joylashtirilgan O‘zMTRK mashinasi o‘rab olingan. Furgonning tashqi tomoniga shikast yetkazilgan va yon oynalari sindirib yuborilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, “Paxtakor” vakillariga tegishli avtomobillarga turli buyumlar uloqtirilgan.

Avvalroq O‘FA tartib intizom qo‘mitasi “Navbahor” — “Nasaf” uchrashuvi davomida namanganlik muxlislar o‘z noroziligini qo‘pol tarzda namoyish etib, “Nasaf” futbolchilari va o‘yin rasmiylari tomon maydonga turli buyumlar uloqtirgani uchun Namangan klubiga jarima solgan va bu hol qaytariladigan bo‘lsa, uy uchrashuvlarini muxlislarsiz o‘tkazishi haqida ogohlantirilgandi.

Shu tariqa “Navbahor” o‘z muxlislarining nomaqbul harakatlari uchun bu safar jiddiy jazo olishi mumkin.

Qayd etish joiz, “Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvini stadiondan bevosita 15 982 nafar tomoshabin kuzatib borgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur uchrashuvni Firdavs Norsafarov boshqarib bordi, VAR tizimida esa Aziz Asimov ishladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!