Professional boks bo‘yicha ikkinchi yarim yengil vazn (-55,34 kg) toifasida WBA va IBF kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev (9-0, 7 KO) 3-aprel kuni Toshkent shahrida navbatdagi jangini o‘tkazdi.

Foto: World of Boxing

Humo Arena’da bo‘lib o‘tgan boks kechasida Ahmadaliyev majburiy da’vogar Ryosuke Ivasaga (27-4, 17 KO) qarshi ringga ko‘tarildi.

Bellashuv Ahmadaliyevning faolligi bilan boshlandi. Dastlabki uch raund to‘liq Murodjonning ustunligida o‘tdi. To‘rtinchi raundga kelib yaponiyalik bokschi vaziyatni biroz o‘nglashga erishdi. Beshinchi raundda Ahmadaliyev zarbalar seriyasini ijro etdi va hakam jangni muddatidan avval to‘xtatdi.

Ahmadaliyev mazkur g‘alabadan keyin o‘z kamarlarini himoya qildi.

Shu tariqa Toshkentda o‘tgan boks kechasi o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqada ringga ko‘tarilgan 8 nafar o‘zbekistonlik bokschining barchasi g‘alabaga erishdi.

Mazkur boks oqshomida Iqboljon Xoldorov professional ringdagi debyut jangida tanzaniyalik raqibini nokautga uchratdi, Sanjar Tursunov ukrainalik bokschini mag‘lub etdi, Hasanboy Do‘stmatov nokaut bilan g‘alaba qozonib, WBA International kamariga ega chiqdi. Bahodir Jalolov latviyalik bokschini muddatidan avval taslim etdi, Mirazizbek Mirzaxalilov debyut jangini 1-raunddagi nokautli g‘alaba bilan yakunladi, Isroil Madrimov 10 raund davom etgan bahsda yengilmas sportchini yengdi. Shahram G‘iyosov esa meksikalik bokschini muddatidan avval taslim etdi.

Eslatib o‘tamiz, Ahmadaliyev 2020-yilning yanvarida Daniel Romanni mag‘lub etib, bir yo‘la ikkita chempionlik kamariga ega chiqqandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!