Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 5-turi doirasida 7-aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Navbahor” — “Paxtakor” uchrashuvidan (1:2) keyingi tartibsizliklarda qatnashgan yetti nafar fuqaro javobgarlikka tortildi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirga qadar 6 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, 1 nafar fuqaro esa 183 va 194-moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida uchrashuv bosh hakami Firdavs Norsafarov videotakrorlardan keyin “Navbahor” darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini Dragan Cheran golga aylantirib, “Paxtakor”ning g‘alabasini ta’minladi. Hakamning bu qarori stadionga yig‘ilgan namanganlik muxlislarni junbishga keltirdi va ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘ldi.