Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ushu-sanda bo‘yicha jahon chempioni, MMA jangchisi Elbek Rahimov o‘ldirib ketildi. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan manbaga ko‘ra, voqea bugun, 17-avgust kuni soat 09:45 da sodir bo‘lgan.

Elbek Rahimov. (chapda)

Foto: Telegram

“Yigit avvaliga rosa do‘pposlangan. So‘ngra pichoqlanib, yarimjon holatda mashinaga tiqib olib ketilgan. Marhumning jasadi Chiroqchi tumanining Yettitom qishlog‘idan topilgan”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manba.

“Daryo” so‘roviga javoban Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov qotillik voqeasini tasdiqladi.

Hayot Shamsutdinovning ma’lumot berishicha, voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida 7 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularning 6 nafari protsessual tartibda ushlangan.