O‘zbekistonlik sobiq futbolchi Nikolay Shirshov 47 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Rostov” klubi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “Rostov” FK

Sobiq futbolchining o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.

Nikolay Shirshov 1974-yilning 22-iyunida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Faoliyatini Toshkent viloyatining “Sverlovets” (1991-yil) klubida boshlagan Shirshov keyinchalik “Traktor” va “Paxtakor” safida to‘p suradi. U “sherlar” tarkibida (1992—1999) 159 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 16 ta golga muallif qilgan. Keyinchalik futbolchi besh yil davomida (2000—2005) “Rostov” sharafini himoya qiladi.

Shuningdek, Shirshov Rossiyaning “SKA”, “Bataysk-2007”, “Taganrog”, “MITOS” va “TPF” klublarida ham o‘ynagan. Nikolay 2013-yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosida (1996—2005) esa 64 ta o‘yinda qatnashib, 13 ta gol urgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!