Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali suhbatlashgan. Muloqot davomida 1300 nafar mahbusni ozod qilish masalasi ko‘tarilgan. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Trampning qayd etishicha, u Lukashenkoga 16 nafar mahbusni ozod qilgani uchun rahmat aytish maqsadida qo‘ng‘iroq qilgan. Kun tartibida yana 1300 nafar mahbusni ozod qilish masalasi ham turibdi.

“Men hurmatli Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan ajoyib suhbat qildim. Qo‘ng‘iroqdan maqsad 16 nafar mahbusni ozod qilgani uchun unga minnatdorlik bildirish edi. Shuningdek, biz yana 1300 nafar mahbusni ozod qilish masalasini muhokama qilyapmiz. Biz ko‘plab mavzularni muhokama qildik, jumladan prezident Putinning Alyaskaga tashrifini ham. Kelajakda prezident Lukashenko bilan uchrashishni intiqlik bilan kutaman”, deb yozgan Amerika yetakchisi TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida.
Lukashenko matbuot xizmatining xabar berishicha, Belarus rahbari Trampni Minskka taklif qilgan va u buni qabul qilgan. Amerika tomoni esa prezidentning Minskka tashrif buyurishi haqida hech narsa demagan.
Ta’kidlanishicha, 2020-yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida AQSH Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olmasligini e’lon qilgan edi. AQSH Davlat departamenti 2025-yilning yanvar oyida Belarusdagi saylovlar mavjud repressiv sharoitlarda erkin va adolatli bo‘lishi mumkin emasligini bildirgan.
“Qo‘shma Shtatlar va ko‘plab Yevropa davlatlarining fikriga ko‘ra, Belarusdagi saylovlar ommaviy senzura, mustaqil OAVning yo‘qligi, faqat rejim tomonidan ma’qullangan nomzodlar ishtirok eta olishi, muxolifat vakillari qamoqda yoki surgunda bo‘lish sharoitida ishonchli bo‘la olmaydi”, deyilgan AQSH Davlat departamenti bayonotida.
Sergey Tixanovskiy va yana 13 nafar siyosiy mahbus 2025-yilning iyun oyida ozodlikka chiqarildi. Ozod qilishlar Aleksandr Lukashenkoning Minskda Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellog bilan uchrashuvidan so‘ng sodir bo‘lgan edi.
Izoh (0)