O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi “Daryo”da e’lon qilingan o‘zbekistonlik eng yosh grossmeyster Javohir Sindorov bilan intervyuga (sarlavhasi: “Agar shu ketishda davom etsa men ham shaxmat federatsiyamni o‘zgartiraman”. O‘zbekiston tarixidagi eng yosh grossmeyster Javohir Sindorov tushunarsiz taqiqlar va federatsiyaning e’tiborsizligi haqida) rasmiy munosabat bildirdi.

Federatsiya bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev intervyuda so‘zga olingan ayrim ma’lumotlarga sharh berib o‘tgan.

So‘z boshida bosh kotib federatsiya jamoat tashkiloti ekani va katta xarajatlar uning imkoniyati darajasida emasligini ta’kidladi.

Birinchi navbatda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi — bu jamoat tashkiloti, “oltin baliqcha” emas! Biz homiylik mablag‘lari asosida o‘zimizning faoliyatimizni yuritamiz. Biz shaxmatchilarimizni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Moddiy imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, albatta.

O‘zbekiston terma jamoasi 2018-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi shaxmat Olimpiadasida birinchi o‘rinni egallaganidan keyin besh nafar terma jamoa a’zosidan faqat uch nafariga avtomobil topshirilishi borasida ham ma’lumot berib o‘tilgan. Bozorboyevning ta’kidlashicha, Sindorov musobaqada o‘z imkoniyati darajasidan past natija ko‘rsatgani va murabbiylarning tavsiyasiga ko‘ra oldindan va’da qilingan avtomobillar yaxshiroq natija qayd etgan uch shaxmatchiga berilganini aytdi. Javohirning taqdirlash marosimiga nima sababdan chaqirilmaganiga esa to‘xtalib o‘tilmagan.

Avtomobildan quruq qolgani haqidagi fikrlariga to‘xtalsak. Shaxmat federatsiyasining moddiy imkoniyati qaysidir shaxmatchiga avtomashina yoki xonadon sovg‘a qilish darajasida emas. Biz har bir shaxmatchiga natijasiga qarab imkon darajasida pul berishga tayyormiz. Biz har bir natijani federatsiya rahbariyati va Sport vazirligiga taqdim etamiz. Ularni qay tariqa taqdirlash esa shaxmat federatsiyasi prezidenti yoki boshqa homiy tashkilotlar qaroriga asosan belgilanadi.

2018-yil Turkiya bo‘lib o‘tgan Olimpiadadan avval Ijroqo‘m yig‘ilishi bo‘lgan. Unda terma jamoa a’zolari kuchli uchlikdan joy ola bilsa qay tariqa mukofotlanishi muhokama qilingan. O‘shanda biz uchta Spark avtomobili berish ehtimolimiz borligi ma’lum qilganmiz. Bu shaxmat federatsiyasi prezidenti tomonidan bildirilgan taklif bo‘lgan. Sportchilarning yaxshi natijalari va shaxsiy ko‘rsatkichlari asosida bu avtomobillarni qay tariqa taqsimlash masalasi ham kiritib ketilgan. Barchasi murabbiylar tavsiyasiga asosan taqsimlangan. Unda sportchilarning natijasi inobatga olingan. Misol uchun Javohir o‘sha musobaqada o‘z imkoniyatlaridan past natija ko‘rsatgan, qolganlar esa o‘z imkoniyatidan ko‘proq natija qayd etgan. Shu sabab ularga Spark avtomobili sovg‘a qilindi. Shu bilan birga avtomobilning qo‘shimcha to‘lovlari federatsiya tomonidan qoplab berildi, garchi bu bizning vakolatimizga kirmasa ham.

Foto: FIDE

Mutasaddi moddiy yordam borasidagi masalaga qo‘shimcha sifatida qator musobaqalardan keyin qancha mukofot puli berilganini sanab o‘tdi. Biroq Bozorboyev aytganidek intervyuda Sindorov tomonidan “federatsiya bir tiyin ham bermadi” degan juma ishlatilmagandi.

Sindorov “federatsiya menga bir tiyin ham bermadi” degan masalani ko‘targan. Vaholanki, 2018-yilgi Olimpiadadan qaytib kelingan kunning ertasi kuniyoq matbuot anjumani o‘tkazib, Javohirga 4 million so‘m miqdorida mukofot puli ajratilgan. 2019-yilgi Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi o‘rinni egallaganidan so‘ng umumjamoa hisobda 12 million so‘m, shaxsiy natijasiga ko‘ra esa 4 million so‘m mukofot puli berilgan. Bularni “bir tiyin ham olmadim” degan gapiga nisbatan keltirmoqdaman.

Foto: Twitter

Bozorboyev shaxmatchining chet el safarlari Javohirning o‘zi aytganidek oilasining hisobidan emas, balki, federatsiya tavsiyasiga ko‘ra Bolalar va o‘smirlar shaxmat maktabi hisobidan qoplanganini ta’kidlab o‘tdi. Mutasaddi aytgan va Sindorovning xarajatlari qoplab berilgan 18 musobaqa 2016—2018-yillardan o‘tkazilgan (buni ilova qilingan hujjatlardan ko‘rish mumkin). Bu ma’lumotdan kelib chiqib, 2018-yilning aprelidan keyingi musobaqalar haqiqatda Sindorovning o‘zi hisobidan qoplanganini anglash mumkin. Javohir grossmeysterlik unvonini 2018-yilning oktabrida qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot uchun, Bolalar va o‘smirlar shaxmat maktabi (Xalqaro shaxmat akademiyasi) 2018-yilga qadar federatsiya tasarrufida bo‘lmagan. 2018-yilgi Prezident qaroridan keyin bu tashkilot federatsiya tasarrufiga o‘tgan. (batafsil)

Shaxmat federatsiyasining taviyasiga binoan xalqaro shaxmat akademiyasi (avvalgi nomi: Bolalar va o‘smirlar shaxmat maktabi) imkoniyatidan kelib chiqib, akademiya hisobidan Sindorov 18 ta musobaqaga yuborilgan. Aynan shu tashkilot hisobidan, o‘zining hisobidan emas. Ro‘yxati turibdi, har qanday vakolatli tashkilotga buni ko‘rsatib, isbotlab berishga tayyormiz. Har bir musobaqaga o‘rtacha hisobda 1,5 ming dollardan hisoblasak, 18 ta musobaqa uchun qancha mablag‘ ajratilganini bilish qiyin emas. Bu o‘sha “bir tiyin bermagan” federatsiyaning o‘z imkoniyati doirasida ko‘rsatgan xizmati.

Federatsiya taqdim etgan hujjat

Shuningdek, mutasaddi federatsiya tomonidan Sindorov va uning oilasiga hech qanday bosim bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Shaxmat federatsiyasi Sindorovlar oilasi va aka-uka shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Uning intervyusida ta’kidlab o‘tilgan, turli xil bosimlar, tazyiqlar hech qachon federatsiya tomonidan amalga oshirilmagan. Uning oilasi, o‘zi va ukasiga hech qanday bosim yoki to‘siqlar bo‘lmagan. Biz har doim qandaydir muammo tug‘iladigan bo‘lsa, bizga murojaat qilishlari mumkinligi haqida aytganmiz. Vaholanki, bizga murojaat qilmay turib, OAV orqali turli bo‘hton va asossiz gaplarni tarqatish ham qaysidir ma’noda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

So‘zimning yakunida biz Sindorovlar oilasining natijalarini e’tirof etgan holda, ularni hamma vaqt qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Sunnatullo Bozorboyev, Shaxmat federatsiyasi bosh kotibi

Javohir Sindorov — 2005-yilning 8-dekabrida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Javohir uch karra O‘zbekiston chempioni, olti karra Osiyo chempioni va besh karra Jahon chempioni. U 2018-yilda uchta grossmeysterlik shartlarini bajarib, jahon tarixidagi ikkinchi eng yosh (12 yosh 10 oylik 8 kunlik) shaxmatchiga aylangan. Keyinchalik Javohirning rekordini hindistonlik Gukesh Dommaraju (12 yosh 7 oylik 17 kunlik) yangiladi. Ayni damda Sindorov dunyo shaxmati tarixidagi uchinchi raqamli eng yosh xalqaro grossmeyster bo‘lib turibdi.

Avvalroq o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova AQShning Missuri universiteti jamoasida dona surayotgani va endi xalqaro musobaqalarda AQSh nomidan qatnashishi ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik bloger Aziza Umarova shaxmatchilar oilasi va federatsiya o‘rtasidagi sovuq munosabat haqida maqola e’lon qildi. Bunga javoban federatsiya raddiya bildirdi. Federatsiya ushbu xabarlar fonida OAVda e’lon qilingan maqolalarni bir yoqlama deb baholagan. Shuningdek, terma jamoadan chiqib ketish fikri sportchining o‘ziga tegishli ekani va bunda boshqalarni aybdor qilish mumkin emasligi ta’kidlangan. Keyinroq opa-singil shaxmatchilar Nafisa Mo‘minova va Xulkar Tohirjonova Shaxmat federatsiyasining raddiyasiga munosabat bildirib, “Shaxmat federatsiyasi ustimizdan mag‘zava ag‘dardi” degandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!