AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini ommaga ochiqlashi kutilmoqda. Reja doirasida, otashkesimdan keyin Yevropa harbiy kuchlarini Ukrainaga joylashtirish ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u uch kun ichida to‘liq ma’lumot berishni rejalashtirmoqda. U Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi uchrashuvlar juda samarali bo‘lganini ta’kidlagan.
Ko‘ramiz, bu qanday ishlaydi, dedi AQSH prezidenti.
Rejaning shartlari hali to‘liq tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ma’muriyatning yuqori martabali amaldorlaridan biri, otashkesimdan keyin Ukrainada Yevropa qo‘shinlarini joylashtirish mumkinligini aytdi.
Eng murakkab masala — xavfsizlik kuchlarining qanday ko‘rinishda bo‘lishi. Biz buni barqarorlikni ta’minlash kuchlari deb ataymiz. Ular ukrainaliklar olishni istayotgan xavfsizlik kafolatlarining bir qismi hisoblanadi va biz ularning bu kafolatlarga erishishiga umid qilamiz, dedi amaldor.
Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatishni kuzatish uchun alohida tinchlikparvar kuchlarni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu kuchlar ruslar, ukrainaliklar va NATOga a’zo bo‘lmagan uchinchi davlatlardan iborat “umumiy komissiya” bo‘ladi. Ular ikkala tomon qurollarini tashlaganini ta’minlash uchun oldingi chiziqni kuzatadi.
Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, AQSH jarayonga jalb qilinishi mumkin, biroq “harbiy kuch sifatida emas, balki uchinchi tomon bilan birgalikda moliyaviy kuch sifatida”.
Wall Street Journal yozishicha, kelishuv variantida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish bandi ham bo‘lishi mumkin. Amaldorning aytishicha, Ukraina “o‘z yerlarining 20 foizini berishga tayyor” ko‘rinadi, hozircha bu de-yure emas, balki de-fakto hududni tan olish hisoblanadi.
De-fakto shuni anglatadiki, biz rossiyaliklar bu yerni bosib olganini tan olamiz, ammo Ukraina uni abadiy beradi, demaymiz, dedi rasmiy.
Parijda AQSH delegatsiyasi bilan muzokaralarda ishtirok etgan Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Ukraina “konstruktiv muloqot”ni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Biroq uning idorasi “siyosiy qarorlar qabul qilmasligini” bildirdi.
Bizning asosiy masalamiz o‘t ochishni to‘xtatish taklifining samaradorligini va ishonchli monitoringni qanday ta’minlashdan iborat, deya ta’kidladi u.
Shu bilan birga Rossiya tinchlik kelishuviga tayyorligi haqida hozircha aniq javob bermadi. Ushbu voqealar fonida Rossiya 21-aprel kuni Eron bilan iqtisodiy va harbiy-siyosiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.
Izoh (0)