Moskvaning Tagan sudi Google’ni Ukrainadagi urush davomida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilishda aybdor deb topdi. Bu haqda TASS agentligi xabar bermoqda.

“Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmatga maxsus operatsiya davomida Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibining yo‘qotishlarini ochib beruvchi ma’lumotlar, halok bo‘lganlarning ismlari, anketa ma’lumotlari, shuningdek, ularning shaxsiy ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan axborotni Rossiya Federatsiyasida tarqatilishi taqiqlangan ma’lumot deb tan olish to‘g‘risidagi qarorlar kelib tushdi”, deyiladi hujjatda.
Unda ta’kidlanishicha, mazkur ma’lumotlar YouTube videoxostingiga joylashtirilgan roliklardan birida e’lon qilingan.
“YouTube’dan foydalanish shartlariga ko‘ra, xizmat provayderi Google LLC hisoblanadi va uning faoliyati Delaver shtati qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi”, deb ko‘rsatilgan sud qarorida.
Xuddi shu hujjat matniga ko‘ra, Google Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 13.41-moddasi 2-qismi (Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq cheklanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanishni cheklash tartibini buzish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Kompaniyaga 3,8 million rubl (47 ming AQSH dollari) miqdorida jarima belgilandi.
Tagan sudi ilgari ham Google’ni ma’muriy huquqbuzarliklar uchun bir necha bor jarimaga tortgan. Protokollar tuzilishiga YouTube’dagi noan’anaviy jinsiy munosabatlarni targ‘ib qiluvchi va Rossiya armiyasini obro‘sizlantiruvchi videolar sabab bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Google kompaniyasining Rossiya Federatsiyasi oldidagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qarzi ikki undetsillion (36 ta nol raqamli son) rublni tashkil etgan va to‘lovlar kechiktirilgani sababli har kuni oshib bormoqda. Shu bilan birga, kompaniyaning Rossiya bozoriga qaytishi faqat sud qarori bajarilgan taqdirdagina mumkin bo‘ladi.
Buyuk Britaniyada Amerika kompaniyasi Google’ga qarshi 5 milliard funt sterlingdan ortiq (taxminan 6,6 milliard dollar) jamoaviy da’vo kiritilgandi.
Yevrokomissiya Google qidiruv tizimini o‘z ichiga olgan Alphabet kompaniyasiga Yevropa ittifoqining raqamli bozorida raqobat qoidalarini muntazam ravishda buzayotgani to‘g‘risida ogohlantirish yuborgandi.
Izoh (0)