Kamida 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Bu ro‘yxat to‘liq emas: Rossiya yoki boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan etnik o‘zbeklarni hisobga olsak, ularning umumiy soni bir necha mingga yetishi mumkin. Bu haqda Ukrainaning “Хочу жить” (“Yashashni istayman”) loyihasining Telegram kanalida ma’lum qilindi.




Loyihada ta’kidlanishicha, bu harbiy asirlar ro‘yxati emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma tuzganlar orasida kamida 109 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida eng yoshi 21 yoshga to‘lmagan, eng kattasi 62 yoshda. Halok bo‘lganlardan biri shartnoma imzolaganidan keyin 8 kun ham yashamagan.



“Rossiya Qurolli Kuchlariga o‘zbeklarni yollash tarixi tojiklar bilan juda o‘xshash: O‘zbekistondan kelayotgan muhojirlar oqimi kamayishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, Rossiya davlati esa ulardan “to‘p go‘shti” sifatida foydalanishdan mamnun. Markaziy Osiyodan kelganlarni o‘z hukmlari bo‘lib qoladigan hujjatni imzolashga esa qamash va deportatsiya qilish tahdidlari bilan “rag‘batlantirmoqdalar”, deyiladi xabarda.



Ma’lumot uchun, “Yashashni xohlayman” — Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan harbiy asirlar masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi shtabning davlat loyihasi hisoblanadi. Loyiha Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ixtiyoriy ravishda asirlikka taslim bo‘lishi uchun yaratilgan.
Oldinroq Ukrainaga qarshi Rossiya armiyasi safida jang qilgan shimoliy koreyaliklarning 600 ga yaqini halok bo‘lgani ma’lum qilingandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida jang qilgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm chiqargandi.
Farg‘ona viloyatida fuqarolarni Rossiya—Ukraina urushiga jo‘natishga uringan taksi haydovchisi ushlangani xabar qilingandi.
Izoh (0)