Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan jahon mehnat bozorida yuzaga kelgan muammolar, xususan, urushning o‘zbek migrantlarining hayoti va daromadlariga bo‘layotgan taʼsiri haqida tadqiqotchi Jahongir Ostonov “Daryo”ga o‘zining tahliliy mulohazalarini taqdim etdi.
Kutilgan urush
2022-yil fevral oyida ko‘pchilik uchun kutilmagan vaqtda Rossiya Federatsiyasi va Ukraina Respublikasi o‘rtasida urush harakatlari boshlandi va bu jarayon hozirga qadar davom etib kelmoqda. Ushbu urushning yuzaga kelish sabablari XX asrning 90-yillaridan beri davom etib kelayotgan mojaro sanalar edi. Ayniqsa, 2004-yilda g‘arbparast V.Yushenkoning hokimiyat tepasiga kelishiga asos bo‘lgan “Zarg‘aldoq inqilobi” natijasida Rossiya tomonidan doimiy ravishda mumkin bo‘lgan richaglar bilan Ukraina hukumatiga bosim davom etdi va 2014-yilda oxir-oqibatda ko‘p davlatlar tomonidan hali hanuz tan olinmagan Qrim anneksiyasi amalga oshirildi. Shu davrdan boshlab ikki o‘rtada yirik harbiy nizo bo‘lishi aniq edi, ammo Ukraina bu borada unga zarur qo‘llovni olmaguncha biroz bu masalada ehtiyotkorlik bilan ish tutdi. Ammo o‘sha vaqtdayoq urush voqealari ko‘plab iqtisodiy muammolarga sabab bo‘lgan edi, bugungi urush esa dunyoda don, neft va gaz, og‘ir metallurgiya va ko‘mirga bo‘lgan talabning ortishi va narx navoning sezilarli oshishiga sabab bo‘ldi. Bu muammo, albatta, migrantlar hayotiga ham taʼsir o‘tkazmasdan qolmadi. Xususan, ikki mamlakatda ham o‘zbekistonlik migrantlar soni ko‘p bo‘lib, ular fuqarolarimizning asosiy migratsion yo‘nalishlaridan sanaladi. Bugungi kunga kelib Rossiya Federatsiyasi o‘zbek migrantlari eng ko‘p boruvchi mamlakat sifatidagi o‘rnini hech kimga bo‘shatmasdan kelmoqda. Bugungi maqolada mazkur mojaroning migrantlar hayoti va u yerdagi faoliyatiga taʼsiri haqida hikoya qilamiz.
Masalaning iqtisodiy tomonlari
Xalqaro migratsiya tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, Ukrainaga qilingan hujumdan so‘ng Rossiyaga qarshi javob chorasi sifatida kiritilgan sanksiyalar (bugungi kunda 14 mingdan ortiq, bu boradagi eng yaqin taʼqibchi Eronda 4200 ga yaqin sanksiya qo‘yilgan) Rossiya iqtisodiyoti va mehnat bozoriga jiddiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Ikki millionga yaqin ish o‘rinlarining yo‘qolishi va ishsizlikning 4,4 foizdan 7,8 foizgacha o‘sishi kutilmoqda. Rossiya iqtisodiyotining tanazzulga uchrashi esa u yerda mehnat qilayotgan muhojirlarning daromadlariga va shunga mos ravishda o‘z mamlakatlaridagi iqtisodiy vaziyatga ham taʼsir qilishi muqarrar.
“Rossiyadan pul o‘tkazmalarining keskin kamayishi, shubhasiz, pul o‘tkazmalariga tayanadigan mamlakatlar iqtisodiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi”, dedi XMT (Xalqaro migratsiya tashkiloti)ning Venadagi mintaqaviy idorasi direktori Renate Xeld. “Aksariyat muhojirlar hozircha Rossiya Federatsiyasida qolish istagini bildirishgan, ammo agar iqtisodiyot yomonlashsa, ko‘proq odamlar uylariga qaytadi.” Bu allaqachon sodir bo‘lmoqda. XMT maʼlumotlariga ko‘ra, 2022-yilning birinchi choragida Tojikistondan 60 ming, O‘zbekistondan 133 ming muhojir Rossiyadan o‘z vatanlariga jo‘nab ketgan. Endi ular o‘z mamlakatlaridagi ishsizlar armiyasiga qo‘shilishlari mumkin.
Bugungi kunda vaziyat qanday o‘zgarib bormoqda? Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari O‘zbekistonga 21 foizga qisqardi. Bu ko‘rsatkich mintaqadagi Qirg‘iziston (33 foiz) va Tojikiston (22 foiz)dan biroz yaxshiroq.
Bu ko‘rsatkichlar ortida ko‘plab oilalarning qashshoqlashib ketish xavfi turibdi. Migrantlar o‘z yaqinlariga yuborgan pul o‘tkazmalari — odatda kam taʼminlangan oilalar, ko‘pincha qishloq joylardan kelganlar — ularga qashshoqlikdan qutulishga yordam berdi. To‘g‘ri, ular XMTda prognozlar o‘zgarishi mumkinligini taʼkidlaydilar. Masalan, 2022-yilning aprel oyida o‘zbekistonlik muhojirlar o‘z vatanlariga rekord miqdorda — 1,07 milliard dollar jo‘natgan, bu bir yil avvalgiga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p. Biroq O‘zbekiston Markaziy banki pul o‘tkazmalari 18-25 foizga qisqarishini taxmin qildi, ammo bu taxmin birdan amalga oshmadi. Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholisi bo‘lgan O‘zbekistonda 2022-yilda xorijiy transfertlarning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 17 foizni tashkil etdi, bu 2021-yilga nisbatan keskin 5,5 foizga o‘sdi. Shunday qilib, 2022-yilning birinchi uch choragida respublikaga pul o‘tkazmalari hajmi qariyb ikki barobarga oshib, 7,6 milliard dollardan 13,5 milliard dollarga yetdi. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida Yevropada Rossiya gaziga bo‘lgan talab mavjudligi, omborlar to‘ldirilgunga qadar Rossiya bu sektordagi tushum ulushi oshgani, birja kotirovkalarida bir barrel neft va gazning narxi 100 dollardan yuqorilagani sanaladi. Ammo ushbu tendensiya Yevropa gaz omborlariga gaz zaxiralari 90 foizga yetganda pasayishi aniq. Lekin ikki tomonlama tovar almashinuvi tezlashgan vaqtda iqtisodiy raqamlar oz bo‘lsa-da ijobiy ko‘rinishi mumkin.
Mahalliy milliy banklar maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yilda Qirg‘iziston va O‘zbekiston uchun Rossiya o‘tkazmalarining ulushi qariyb 70 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda u mos ravishda 7 va 11 foiz punktga oshgan.
So‘nggi 10 yil ichida Rossiyadan ushbu mamlakatlarga o‘tkazmalar hajmi Rossiya yalpi ichki mahsuloti bilan chambarchas bog‘liq - YAIM qanchalik yuqori bo‘lsa, pul o‘tkazmalari darajasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Masalan, Qrimning anneksiya qilinishi va COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri Markaziy Osiyo mintaqasiga pul o‘tkazmalari sezilarli darajada kamaydi.
XMT muhojirlar oqimi va pul o‘tkazmalarini muntazam ravishda kuzatib borish hamda qaytgan muhojirlar va ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini taʼkidlaydi. Xususan, pul ko‘rinishida yordam, qishloq hududlarda almashib ekish dasturlari va yaqindan boshlab barcha viloyat, tuman hokimlari xorijda ishlab yurgan migrantlarimizda hududda mavjud ish o‘rinlarini tavsiya etgan holda videokonferensaloqa amalga oshirishmoqda. Bu muammolarni to‘liq anglash uchun joylarda bu masalaga masʼul tashkilotlar tadqiqotchi sotsiolog va boshqa soha vaqillari bilan tahlil qilishlari maqsadga muvofiq.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi Ortiqxo‘ja Norovning taʼkidlashicha, Rossiyada bo‘ladigan har qanday siyosiy, harbiy masala migrantlar hayotiga albatta taʼsir qiladi. Xususan, migrantlar soning kamayishi ham yuz bergan. Uning fikrlarini quyidagi havola orqali tinglashingiz mumkin.
“Rossiya Federatsiyasi hududida 1 million va undan ortiqroq o‘zbek migrantlari mehnat qiladi. Mavsumga qarab – bahor va yoz fasllarida migrantlar soni ortsa, kuz va qishga borib kamayadi. Tabiiyki, Rossiyada bo‘ladigan harbiy yoki boshqa ijtimoiy ziddiyatlar o‘zbek migrantlariga taʼsir qilmay qolmaydi.
COVID-19 pandemiyasi va undan keyin Rossiya va Ukraina o‘rasidagi nizo o‘zbek migrantlari soni kamayishiga olib keldi. Bu urush vaqtida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni biroz pasayishi bilan bog‘lash mumkin”, - dedi Ortiqxo‘ja Norov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mutaxassisi.
Xorijiy tashkilotlar bu borada doimiy izlanish olib borishmoqda xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2023-yilda oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori inflyatsiyasi Markaziy Osiyo mintaqasining aksariyat mamlakatlarida qashshoqlikni o‘rtacha 0,7 foiz punktga oshirishini kutmoqda. Qashshoqlik allaqachon yuqori bo‘lgan qashshoq mamlakatlarda oqibatlar sezilarli bo‘ladi. Uy xo‘jaliklarining daromadlari va chet eldan pul o‘tkazmalari o‘rtasidagi bog‘liqlik O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. Aholi daromadlari eng past bo‘lgan hududlarda, rasmiy statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2022-yilning birinchi uch choragida Qoraqalpog‘iston, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida xorijiy transfertlarning ulushi 21 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan. Biroq, Xorazm (31,4 foiz) va Samarqand (29,7 foiz) viloyatlari aholisining daromadlari asosan pul o‘tkazmalariga bog‘liq. Aynan shu maʼmuriy birliklardagi muhojirlar bilan ko‘proq ishlash, ularga yuqoriroq maosh va urush ehtimoli mavjud bo‘lmagan sharoitda ish bilan taʼminlash davlatning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Ammo bu bozor hali diversifikatsiya bo‘lishi uchun xalqning kasbni mukammal egallashi, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lishi, xorijiy tillarni puxta bilishi talab etiladi. Bu muammolarni ham yechish muhim sanaladi.
Yana bir suhbatdoshimiz Rossiyada mehnat qilayotgan Dilshod Qarshiyev urush boshlangandan keyin ishlab topayotgan puli valyutaga nisbatan ikki baravar kamayib ketganini aytdi.
“Kuz keldi, uyga qaytishni o‘ylayapmiz. Topishimiz yaxshi emas. Dollar kursi ko‘tarilib ketgan. Avallari 500-600 dollar uyga yuborayotgan bo‘lsak, hozir arang 300 dollar yuboryapmiz. Oyliklarni kamayib ketayotgani oqibatida baʼzilar uyiga qaytib ketyapti”, – dedi Dilshod Qarshiyev, migrant
Urushga jalb etish xavfi
Rossiya Ichki ishlar vazirligi bergan maʼlumotlarga ko‘ra 2022-yilda 174 ming tojikistonlik Rossiya fuqaroligini qabul qildi, ularning soni yil davomida 67 foizga oshdi. Qirg‘iziston fuqarolariga berilgan pasportlar soni ham 22 foizga oshib, 23 mingtani tashkil etdi. O‘zbekistonliklarga 27 mingta Rossiya pasporti berilgan, bu 2021-yilga nisbatan 14,5 foizga kam. Bu albatta urush fonida yuz berayotgan voqelik sanalgani bois ushbu statistik maʼlumot bir tomondan odamni biroz tinchlantirsa ikkinchi tomondan o‘ylovga chorlaydi. Rossiya kabi davlatdan fuqarolik olish masalasi biroz mushkul ekanligini hisobga olsak, urushga chorlovlar asosan Rossiyaning sharqiy hududlari va Markaziy Osiyo Respublikalariga ham qaratilgan degan xulosaga olib keladi. Hatto taniqli asli millati o‘zbek sanalgan huquqshunos B.Ismailov ham urushda qatnashish daromad bilan bir qatorda uch oy ichida Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olish imkonini berishini maʼlum qilgan edi. Bugun urushda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ham yo‘q emas. Ular asosan oylik 500-600 dollari miqdoridagi pul evaziga shartnoma asosida frontda xizmat qilishmoqda. Ammo masalaning ikkinchi tomoni bu borada frontga umuman yaqinlashmaslikka undaydi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasiga asosan 3 yildan 5 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosi ushbu toifadagi fuqarolarni kutib turganini eslatmoq lozim. Yuqoridagi fuqarolik olganlarga oid statistika o‘zbekistonlik muhojirlarning nisbatan ehtiyotkorroq ekanligidan darak bermoqda.
Rossiyada safarbarlik boshlanishi bilan Tojikiston aholisi ishlashga ketgan qarindoshlarining g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bera boshladi. Huquq faollariga ko‘ra, muhojirlarning bir qismi ixtiyoriy yoki boshqa yo‘l bilan Ukrainada jang qilayotgan Rossiya bo‘linmalari safiga tushib qolgan. “Tong Jahoni” inson huquqlari tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon olti oy ichida O‘zbekistondan 1,3 mingga yaqin, Qirg‘izistondan 600 va Tojikistondan 500 nafarga yaqin kishi yordam so‘rab murojaat qilgan. ularni frontga jalb qilishga urinishlar tufayli. Ko‘pincha Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari yuqori maosh (1,1 ming kishidan ortiq), Rossiya fuqaroligini olish vaʼdasi (339 kishi) va jinoyat ishini qalbakilashtirish tahdidi (111 kishi) bilan aldangan. Rossiya pasportiga ega bo‘lgan 350 dan ortiq kishi Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish tahdidiga duch keldi. Shuningdek, safarbarlikka tortilmaydigan yana 182 kishi noqonuniy chaqiruv olgan, deya xabar beradi huquqni muhofaza qilish tashkiloti.
Shuningdek XHK “Vagner” safida ham yurtdoshlarimiz bo‘lishi mumkinligi inkor etib bo‘lmaydi. Mazkur tuzilma 2021-yilga qadar 2-5 ming atrofidagi jangchilardan tashkil topgan bo‘lsa, urush boshlangandan so‘ng ularning soni 40-80 ming atrofigacha yetganligi qayd etiladi. “Investim guru” maʼlumotlariga ko‘ra, yollanma askarlarning 30 foizi atrofida xorijlik jangchilar sanaladi, ammo ularning etnik tarkibi haqida ochiq maʼlumotlar yo‘q, baʼzi detallarda ko‘rish mumkin xolos, xususan, ushbu kompaniya egasi Prigojin asosan antirossiya sanalgan davlat fuqarolaridan aʼzolar mavjudligini taʼkidlar edi. Bu albatta ularning g‘arb demokratiyasining ahvoli shunday degan xulosa yasash uchun beriladi.
So‘nggi 10 yilda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari boshqa davlat fuqarolariga qaraganda Rossiyaga tez-tez uchib ketishgan. 2020-yilda koronavirus epidemiyasi sababli Rossiyaga kirishga qo‘yilgan cheklovlar migratsiya oqimini 72 foizga 5,1 milliondan 1,4 milliongacha qisqartirdi. Faqat o‘tgan yilning o‘rtalarida chegarani kesib o‘tishdagi oxirgi kovid cheklovlari bekor qilingan edi. Ayni paytda Markaziy Osiyo respublikalaridan kelgan muhojirlarning sayohatlari soni pandemiyadan oldingi yilga nisbatan 30 foizga kamligicha qoldi.
Rosstat 2022-yilning yanvaridan oktyabrigacha bo‘lgan ro‘yxatga olish maʼlumotlariga asoslanib, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan migrantlar oqimini qayd etayotganiga qaramay, Rossiya FSB chegara xizmati maʼlumotlari teskari tendensiyani ko‘rsatmoqda. 2022-yilning uchinchi choragida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiyaga safarlari soni birinchi marta pandemiyadan oldingi 2019-yildagi ko‘rsatkichdan oshib ketdi. Yaʼni qatnov surʼati yana o‘z holiga kelgan, ammo ayni shu holatda ularga ketish oldidan urushga borish xato ekanligi tushuntirib borish lozim. Shuningdek, aholining aksar qismi kiruvchi ijtimoiy tarmoqlarda ham monitoring ishlarini olib borish maqsadga muvofiq sanaladi.
Eʼlonlar ortidan ergashish xavfli!
Ish to‘g‘risidagi eʼlonlar Headhunter va Avito kabi yirik veb-saytlarda va mintaqaviy manbalarda chop etiladi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar, migrantlar jamoalari yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilish kompaniyalari tomonidan joylashtirilgan reklama orqali tarqatiladi. Ish beruvchilar Ukrainaga sayohat xarajatlarini qoplashga, shuningdek, ishchilarni uy-joy, oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan taʼminlashga vaʼda berishadi. Oylik maoshi 2000 dollardan 3300 dollargacha, bu Rossiyada migrantlar olishi mumkin bo‘lganidan ancha ko‘p.
Bu so‘zda jozibali ko‘rinadi, biroq amalda Ukrainaning bosib olingan hududlarida muhojirlar Rossiyadagi kabi muammolarga duch kelishadi: antisanitariya, issiqlik yo‘qligi, ish beruvchilarning qo‘pol muomalasi. Migrantlar kam maosh olgani yoki umuman to‘lanmayotgani haqida ko‘plab xabarlar bor. Hozir bu odamlarni Kiyevda yoki o‘z vatanlarida jinoiy javobgarlikka tortish tahdidi ostida qolayotganini aytmasa ham bo‘ladi – axir, ular Rossiya tajovuziga sherik bo‘lishgan. Hafsalasi pir bo‘lgan muhojirlar Ukrainani tark etishga uringan, biroq rossiyalik chegarachilar ularni frontga qaytishga majbur qilgan holatlar bo‘lgan. Shu sababli imkon darajasida tinch hududlarda yashash va ishlash kun talabi sanalmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, har qanday xalqaro mojaro bizga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri taʼsir qiladi. Rossiyaning O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori ekanini inobatga olsak, uning hududida yoki u bilan bog‘liq har qanday siyosiy, iqtisodiy hodisa biz uchun ham muhim ahamiyatga ega. Uning hududida ishlaydigan o‘zbekistonliklarning mavjudligi esa bu jihatni yanada kuchaytiradi. Muhojirlar muammolarini hal qilish uchun O‘zbekiston bugun boshqa yo‘nalishlarda ham ish olib boryapti, ammo bu hali cheklangan. Mamlakat ichida daromadbop ish o‘rinlari yaratish hozir har qachongidan ham muhim vazifa bo‘lib turganini unutmaslik lozim.
Izoh (0)