4-iyul kuni tush paytiga yaqin Chexiyaning Praga va boshqa bir qator shaharlarida elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilish yuz berdi. Uzilish jamoat transporti, tijorat obyektlari va maishiy infratuzilma faoliyatini izdan chiqargan. Bu haqda Chexiyaning CTK axborot agentligi xabar bermoqda.

Favqulodda vaziyat shahar hayotini to‘xtatib qo‘ygan. Metro va tramvaylar harakati to‘xtagan, bankomatlar ishlamay qolgan, odamlar liftlarda tiqilib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, Praga aeroporti elektr uzilishidan zarar ko‘rmagan.
Ma’lum qilinishicha, Usti, Liberets va Gradets-Kralove mintaqalarida ham uzilishlar kuzatilgan

"Chexiya Respublikasining ayrim hududlari elektr uzilishidan zarar ko‘rdi. Sabablarini aniqlab, muammoni hal qilish ustida ishlamoqdamiz”, deydi Chexiya bosh vaziri Petr Fiala.
Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Vlastimil Valek X platformasiga bergan intervyusida shifoxonalari allaqachon favqulodda elektr ta’minotiga ulangani ma’lum qildi.
“Hammani xotirjam bo‘lishga chaqiraman. Tibbiyot muassasalarida bunday holatlar uchun aniq tartib-qoidalar mavjud. Zarar ko‘rgan shifoxonalarda zaxira generatorlari ishga tushirildi. Bemorlarga xizmat ko‘rsatish xavf ostida emas”, deydi u.
Mamlakat rasmiylarining ma’lum qilishicha, muammo Usti-nad-Labem mintaqasidagi ikkita muhim podstansiyani bog‘lovchi liniyalardan biridagi nosozlik tufayli yuzaga kelgan. Elektr uzatish tizimining bir qismi to‘liq o‘chirilgan. Hozirgi vaqtda muammoni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda,

iDNES nashrining qo‘shimcha qilishicha, uzatish tizimining sakkizta podstansiyasi elektrsiz qolgan, ulardan beshtasi qayta ishga tushirilgan. Chexiyada jami 44 ta shunday podstansiya mavjud.
Elektr uzilishining sababi hamon noma’lum. Biroq shu hafta boshida Chexiya gidrometeorologiya instituti chorshanba kuni mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 37 darajagacha ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Rasmiylar yuqori harorat bilan bog‘liq ehtimoliy xavflar, jumladan yong‘inlar haqida ham ogohlantirish bergan.

28-aprel kuni Yevropada keng ko‘lamli elektr uzilishi yuz berdi, u Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya va Andorrani qamrab oldi. Avariya oqibatida Pireney yarimorolida svetoforlar, jamoat transporti va telefon aloqasi ishlamay qoldi, shifoxonalar esa bemorlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Voqeadan so‘ng Portugaliya Fransiyani Ispaniyaga yetarli miqdorda elektr energiyasi yetkazib bermaganlikda aybladi.
Izoh (0)