Toshkentning gavjum hududlarida avtomobillarga to‘xtashga yordam beradigan avtoturargoh xodimlarini yaxshi bilasiz. Ularni egnilaridagi “yashil jilet”dan taniysiz. Ularning aksariyati eshitish va nutq qobiliyatida muammosi bo‘lgan, yillar davomida xufiyona iqtisodiyotda, ya’ni norasmiy sektorda shu tarzda tirikchilik qilib kelgan fuqarolardir. Biroq, ularning faoliyati nazoratsiz bo‘lgani sababli ko‘pincha tartibsizlikka olib kelardi: avtomobillar ikki qator qilib, yo‘laklarda, piyodalar o‘tish joylari yaqinida va yashil hududlarda qoldirilardi. Bularning barchasi piyodalar, atrofda yashovchilar va boshqa haydovchilarga ham jiddiy noqulayliklar tug‘dirardi.
Poytaxt Parking imkoniyati cheklangan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha yangi tashabbusni amalga oshirishga kirishdi. Birinchi bosqichda eshitish va nutq qobiliyati cheklangan 5 nafar xodim rasmiy ravishda ishga qabul qilindi. Ular zarur tayyorgarlikdan o‘tib, barcha kerakli hujjatlarni taqdim etdilar. Bu birinchi sinov guruhi bo‘lib, buning asosida eshitish va nutq qobiliyati cheklangan shaxslarni shahar parking tizimiga integratsiya qilish modeli sinovdan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, 10 kishidan iborat ikkinchi guruh ham shakllantirilib, hozirda ta’lim olmoqda va yaqin kunlarda o’zlarining rasmiy faoliyatlarini boshlaydilar.
Integratsiya jarayoni
Mutaxassislar bilan hamkorlikda qisqa muddatli ta’lim dasturi ishlab chiqildi. Ushbu vaqt ichida ishtirokchilar yo‘l harakati qoidalari asoslari, xulq-atvor me’yorlari, avtoturargoh xodimlarining vazifalari va majburiyatlari bo‘yicha ko‘rsatmalar oldilar. Shuningdek, Poytaxt Parking mobil ilovasidan foydalanish va kutilmagan vaziyatlarda haydovchilar bilan muomala qilish bo‘yicha trening o‘tkazildi. Trening maxsus malakaga ega mutaxassislar ishtirokida o’tkazilganligi bois ta’lim jarayoni samarali o‘tdi.
Shahar va jamiyat manfaatlari uchun
Shahar infratuzilmasiga aholining imkoniyati cheklangan qatlamini jalb qilish shunchaki ijtimoiy aksiya emas. Bu shahar muhitini tartibga solish yo‘lidagi puxta o‘ylangan va amaliy qadamdir.
Bunday chora-tadbirlar quyidagilarga imkon yaratadi:
- norasmiy bandlik darajasini pasaytirish;
- shahar markazida to‘xtash qoidalarini buzish holatlarini kamaytirish;
- qonuniy ish o‘rinlarini yaratish;
- ilgari rasmiy iqtisodiyotdan chetda qolgan guruh bilan barqaror munosabatlarni o‘rnatish.
Poytaxt Parking parking madaniyatini shakllantirish va yo‘l harakatining barcha ishtirokchilari uchun qulay shahar muhitini yaratish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda. Biz rasmiy bandlikdan tashqarida qolganlarning taqdiriga befarq emasmiz. Har bir inson o‘z o‘rniga ega bo‘lgan kuchli va zamonaviy shaharning asosi — hurmat, daxldorlik va o’zaro ishonch ekaniga ishonamiz.
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)