“Biznesni rivojlantirish banki” ATB va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT DT) o‘rtasida nomoliyaviy xizmatlar sohasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelishuv doirasida bank xodimlarini zamonaviy biznes maslahatlari, mentorlik dasturlari, bilim platformalaridan foydalanish, tadbirkorlarga strategik ko‘mak ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitish va malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Bu orqali “Biznesni rivojlantirish banki” o‘z mijozlariga faqat moliyaviy emas, balki rivojlanishga qaratilgan maslahat va axborot qo‘llab-quvvatlovi ham ko‘rsata oladigan institutga aylanishni maqsad qilmoqda.
Hamkorlik memorandumini imzolash marosimida “Biznesni rivojlantirish banki” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Shahzod Yusupov bu kelishuv bankning strategik transformatsiya jarayonida muhim qadam bo‘lishini e’tirof etdi.
BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii mazkur hamkorlik mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur tashabbus doirasida 2025-yil oxiriga qadar bankning barcha hududiy ofislari va markaziy idorasidagi nomoliyaviy xizmatlarga mas’ul mutaxassislar to‘liq qamrab olinadi.
Ma’lumot uchun, nomoliyaviy xizmatlar — bank mijozlariga moliyaviy mahsulotlardan tashqari, bilim, maslahat, trening va boshqa rivojlantiruvchi xizmatlarni taklif qilish tizimidir. Ushbu yondashuv tadbirkorlarning raqobatbardoshligini oshirishga, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishga yordam beradi.
Reklama huquqi asosida
Izoh (0)