Andijon viloyati hokimligi har yili Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivalini o‘tkazishni an’anaga aylantirdi. O‘tgan yillar davomida festivalda Otawan guruhi, Boney M, Doktor Alban, Dianella, Jah Khalib, Jony, Inna kabi jahon yulduzlari chiqish qilgandi.
Bu yilgi festival ham o‘tgan yilgidan qolishmaydi, chog‘i. Xonobod shahri hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi E.Xolmirzayev imzolagan hujjatga ko‘ra, 15-17-avgust kunlari o‘tkaziladigan navbatdagi “Dunyo sadolari”da mashhur turk xonandasi Mustafa Sandal, eronlik Arash, italiyalik xonanda In-Grid, hindistonlik Alisha Chinay, Arabesque guruhi va boshqa mahalliy san’atkorlar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
“Daryo” ushbu festivalga jahon va milliy estrada yulduzlarining konsert berib ketishi uchun qancha gonorar belgilangani va boshqa qilinayotgan sarf-xarajatlarni o‘rgandi.
Festivalni yuqori saviyada o‘tkazish uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 6 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Ammo o‘tgan yillardagi tajribalardan kelib chiqib hozir festivalga aniq qancha mablag‘ sarflanishini aytish qiyin, chunki barcha sarf-xarajatlar festival yakunlangach ma’lum bo‘ladi. Masalan, tadbir uchun o‘tgan yili 8 mlrd so‘mdan ko‘proq pul ketgan edi.

San’atkorlar gonorari qancha?
Tadbirga taklif qilingan eng qimmat xonandalardan biri eronlik mashhur san’atkor Arash. Uni Andijonga olib kelish uchun 2 mlrd 95 mln so‘m (bugungi kurs bilan taxminan 164 ming dollar) sarflanadi. Turkiyalik xonanda Mustafo Sandal uchun esa bundan sal kamroq — 2 mlrd 49 mln so‘m (160 ming dollar) ajratilgan. Shuningdek, italiyalik xonanda, In-Grid taxallusi bilan tanilgan Ingrid Alberini va hindistonlik xonanda Alisha Chinayni (bu ikki san’atkor uchun jami 837 mln so‘m, ya’ni, 65 ming AQSH dollari sarflanadi) ham Xonobodga kelib qo‘shiq kuylaydi.
Yuqoridagi san’atkorlar tashrifi uchun umumiy hisobda 4 milliard 981 million so‘m yoki 390 ming dollardan ko‘proq to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Bu narxlar qanchalik real?
“Daryo” mavzuni o‘rganish jarayonida yuqorida nomi keltirilgan san’atkorlarning O‘zbekistonga tashrifi bahosini o‘rgandi.
Ushbu xonandalar, umuman, dunyodagi mashhur san’atkorlarning O‘zbekistondagi konsertlarini uyushtirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarga ko‘ra, aslida bu san’atkorlarning narxi Xonobod festivali uchun ko‘rsatilgan narxdan ancha arzon. Masalan, Mustafo Sandal va Arashni O‘zbekistonga eng qimmat holatda jami 200 ming AQSH dollari to‘lab olib kelish mumkin. Qolgan ikki san’atkor uchun esa 20 ming dollar yetarli. Ya’ni festivalga chaqirilgan san’atkorlar gonorari sun’iy ravishda deyarli ikki barobarga shishirilgan bo‘lishi mumkin.

Ularni kim olib kelyapti?
Eng muhim savollardan biri shu. Uning javobi bu san’atkorlar nima uchun bunchalik qimmat narxga kelayotganiga javob bo‘ladi.
Eron xonandasi Arashni olib kelish va’dasini berib, katta pulga shartnoma tuzgan “Qatag‘on Ideal Market” Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan. Uning asosiy faoliyati — ixtisoslashmagan do‘konlarda boshqa tovarlar chakana savdosi bilan shug‘ullanadi. MCHJ ta’sischisi va rahbari — Azizov Akbarali Qambarovich.
Mustafa Sandalni olib kelish esa Namangan viloyatining Pop tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan “Bregin Milk Soft” MCHJning zimmasiga tushgan. Bu korxonaning asosiy faoliyati — yirik shoxli qoramollarning boshqa zotlarini va buyvollarni ko‘paytirish. Yana bir e’tiborli jihati — tashkilot bor-yo‘g‘i to‘rt oy avval, ya’ni 2025-yilning 12-mart kuni tashkil etilgan, iyun oyida qayta ro‘yxatdan o‘tgan.
Italiyalik va hindistonlik san’atkorlarni 837 mln so‘mga olib keladigan korxona nomi — “Magnat Construction Planet” MCHJ. Bu tashkilot ham ixtisoslashmagan ulgurji savdo bilan shug‘ullanadi. Egasi — Azizov Akbarali Kambarovich. Ha, bu o‘sha, eronlik xonanda Arashni olib kelayotgan korxona egasi. Akbarali aka bilan bog‘lanishga bo‘lgan harakatlarimiz besamar bo‘ldi, korxonalar rahbari go‘shakni ko‘tarmaslikni afzal bildi.
Egasi bir-ikki tashkilot va ochilganiga endi bir-ikki oy bo‘lgan hamda yo‘nalishi san’at yoki madaniyatga umuman aloqasi bo‘lmagan mahalliy korxonalarga shuncha mablag‘ va mas’uliyat berilayotgani qiziq, albatta.

Bu hali hammasi emas
Festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida “Oltin Tosh Ulgurji” MCHJdan havo shari (aerostat) ijaraga olingan. Shartnoma summasi — 350 million so‘m. Ta’minotchi MCHJ shartnoma tuzilishidan o‘n kun avval Andijon shahridan ro‘yxatdan o‘tgan.
Sahna podiumi, yoritish va ovoz kuchaytirish moslamalari, maxsus ekran ijarasi hamda bezak va tungi yoritish ishlarini “Dunyo sahnalari” MCHJ 1 mlrd 250 million so‘m evaziga bajaradigan bo‘ldi. Bu korxona shartnoma tuzishdan qancha oldin tashkil etilganini taxmin qilib ko‘ring-chi? Bir kun! Bugun MCHJ tashkil etilgan, ertasi kuni 100 ming dollarlik shartnomaga ega bo‘lgan. Zo‘rmi?..
Hokimlik vazifasini vaqtincha bajarayotgan Elyorbek Xolmirzayev bu yangi tug‘ilgan korxonalarni qanday izlab topgani, albatta, yana bir muhim savol.

“Dunyo sadolari” o‘zi qanday festival?
Festivalning asosiy maqsadi – milliy estrada san’atini jahon miqyosida keng targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy qo‘shiqchilik san’atini ommalashtirishdan iborat. Tadbir orqali Xonobod shahrining turistik salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish ham ko‘zda tutilgan edi.
Ammo o‘tgan ikki festival ko‘proq turli salbiy muhokamalar bilan yodda qoldi. Unga ajratilayotgan mablag‘, festivalda g‘olib chiqqan mahalliy san’atkorlarga berilmagan pul mukofotlari e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning dekabrida aynan “Daryo.uz” saytida e’lon qilingan maqoladan keyingina mukofotlar to‘lab berilgan edi.
Festival xarajatlari o‘rganilishi kerak
Biz bu festival andijonliklar uchun nechog‘lik zarur ekani, unga sarflanayotgan mablag‘larga qancha bog‘cha, maktab, shifoxona qurish yoki ta’mirlash mumkinligi haqidagi farazlarga berilmoqchi emasmiz. Ammo byudjet mablag‘lari qonuniy yoki qonunga zid ajratilayotgani mas’ullar tomonidan tekshirilishi zarur, deb hisoblaymiz. Tender va tanlovlarsiz, mutlaqo boshqa yo‘nalishga ixtisoslashgan va bir-biridan shubhali korxonalarga berilgan bu mablag‘lar, albatta, o‘rganib ko‘rishga arziydi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Raqobat qo‘mitasi va mas’ul idoralar bu ma’lumotlarni e’tiborsiz qoldirmaydi, deb ishonamiz.
Mavzuga yana qaytamiz.
Izoh (0)