1999-yil mart oyida amerikalik qiz lotereyadan 10 mln dollar yutib oladi. Aslida lotereyani uning o‘zi sotib olmagan, unga mijozlardan biri choychaqa sifatida tashlab ketgandi. Shu sababli yutuqqa da’vogarlar ko‘payib ketadi va qiz uzoq vaqt ular bilan sudlashishga majbur bo‘ladi.
Xalqimizda “Oson kelgan boylik oson ketadi” degan ibora bor. Bu ibora yengil yo‘llar bilan erishilgan mablag‘ning qadri bo‘lmasligiga va uni topgan odam pullarni oson sarflab yuborishiga aytiladi.
Biroq lotereyadan 10 mln dollar yutgan amerikalik ofitsiant ayol Tonda Dikersonga yuqoridagi iboraning daxli yo‘q. Chunki u garchi 10 mln dollarni osonlik bilan yutgan bo‘lsa-da, pullarga ega chiqish uchun uzoq vaqt mashaqqat chekishiga to‘g‘ri keladi.
10 mln dollarga ega chiqish uchun bir necha marta sudlashgan ayol o‘zi ega bo‘lgan boylikni isrof bilan ishlatib, tez tugatib qo‘ymaslik uchun pullarni har yili kam-kamdan olishga qaror qiladi. Natijada hanuzgacha ayolning hisobida bir necha mln dollar mablag‘ bor. Xo‘sh, ayol pullarni qanday yutib olgandi?
Choychaqaga berilgan lotereya
1999-yil, 28 yoshli Tonda Dikerson AQSHdagi yirik avtomobil yo‘llaridan biri bo‘lgan Shosse-1 ning Alabama shtatidan o‘tgan qismida, yo‘l yoqasida joylashgan kafeda ofitsiant bo‘lib ishlardi.
Kafega turli insonlar kelar va ular orasida doimiy mijozlar ham bor edi. Ana shunday mijozlardan biri Edvard Syuard bo‘lib, u kafedagi barcha ofitsiantlar bilan qadrdon bo‘lib ketgan, shu sababli doim ular bilan hazillashib turardi.
Edvard doimiy ravishda lotereya o‘ynar va so‘nggi paytlarda nafaqat o‘zi uchun, balki kafedagi ofitsiantlar uchun ham chipta xarid qilardi. U arzimagan pul turadigan, lekin yutuq miqdori ancha yuqori bo‘lgan lotereyalarni ofitsiantlarga shunchaki bermas, balki choychaqa o‘rniga qoldirardi.

Yigitning bu ishi ofitsiantlarga turlicha ta’sir qilar, kimdir uning bu ishiga parvo qilmasa, boshqalarning g‘ashiga tegardi. Chunki hali yutuq chiqishi gumon bo‘lgan lotereya chiptasidan ko‘ra choychaqa uchun bir necha dollar bo‘lsa ham naqd pul bergani tuzuk edi.
1999-yil 6-mart kuni Edvard kafega yana kiradi. Unga Tonda Dikerson xizmat qiladi. Yigit ovqatlanib bo‘lgach, yeguliklarning pulini to‘laydi. Biroq choychaqaga navbat kelganda Edvard yonidan beshta konvert chiqazadi.
Konvertlarning har biriga bittadan lotereya chiptasi solingan edi. Ofitsiantlar e’tiroz bildirmaydi va lotereya chiptasini oladi.
Shunda Edvard mabodo kimgadir yutuq chiqsa, o‘ziga bitta pikap mashinasini olib bersa kifoya ekanini, qolgan pullarni o‘ziga olib qolishi mumkinligini aytadi.
Edvarddan chiptalarni olgan ofitsiantlar kimga yutuq chiqishidan qat’i nazar, yutuqni teng bo‘lishga kelishishadi.
10 mln dollar yutuq va sudlashish
O‘yin Edvard lotereya chiptasi berib ketgan kunning ertasiga kechki payt o‘tkaziladi. Tongda ayol o‘ziga berilgan konvertni ochib ko‘zlariga ishonmaydi – 10 mln dollar yutuq aynan uning qo‘lidagi chiptaga chiqqandi.
Ayol yutuq chiqqanini bilgan zahoti pullarni hamkasblari bilan bo‘lishmaslikka qaror qiladi. Biroq shundan so‘ng Tonda uchun muammoli kunlar boshlanadi.
Eng avval yutuq haqida xabar topgan hamkasb ofisantlar undan pullarni teng taqsimlashni talab qilishadi. Tonda esa buni rad etadi va tez orada ishdan bo‘shab ketadi. Hamkasblar bilan barcha aloqalarni uzadi.
Mojarodan xabar topgan Edvard har bir qizga alohida chipta berganini va shu sababli yutuq to‘lig‘icha Tondaniki bo‘lishi kerakligini aytadi. Shuningdek, yigit dastlab gapirgan qaytmaganini va ayol unga pikap olib bersa yetarli bo‘lishini ma’lum qiladi.
Tondani yaxshi gap bilan pullarni o‘zaro taqsimlashga ko‘ndira olmagan to‘rt nafar ofitsiant masalaga huquqiy yo‘l bilan yechim topishga urinadi va ayolni sudga berishadi.
Ularning arizasida garchi har biri Edvarddan alohida chipta olgan bo‘lsa-da, kimgadir yutuq chiqsa teng bo‘lib olishga kelishilgani, biroq Tonda va’dasini buzgani yozilgandi. Shuningdek, ular masala sudda ko‘rib chiqilmaguncha Tondaga yutuqni bermaslik va pullarni muzlatib qo‘yishni so‘rashadi.
Yutuq chiqqanidan bir necha kun o‘tgach, Tonda o‘z pullarni olish uchun boradi. Shunda lotereya tashkilotchilari unga pulni olishni ikki xil yo‘lini taklif etishadi.
Unga ko‘ra yutuqni bir martada to‘liq olish yoki 30 yil muddatga foizlari bilan hisoblaganda har yili 375 ming dollardan olib borish mumkin edi. Ayol ikkinchi taklifga rozi bo‘ladi biroq hamkasblar bergan ariza tufayli pullarni nomiga o‘tkazishga ulgurmaydi.
Sud jarayonida avvaliga hamkasblar g‘alaba qozonishi mumkinday tuyuladi. Avvaliga sud ularning arizasini qanoatlantirib, yutuqni muzlatib qo‘yadi. Biroq yakunda Tonda g‘alaba qozonadi.
Chunki ofitsantlarning yutuqni teng bo‘lish haqidagi gapi hujjatlashtirib qo‘yilmagandi. Sud esa og‘zaki kelishuvni qonuniy kuchga emas deb topadi.
Qolaversa, Alabama shtatida qimor o‘yinlari taqiqlangan bo‘lib, shu sababli lotereya bo‘yicha har qanday kelishuv noqonuniy hisoblanardi.
Oxir-oqibat Tonda sudda hamkasblarini yengib chiqadi. Biroq bu bilan uning muammolari tugamaydi. Bu safar uni lotereya chiptasini bergan Edvard sudga beradi. U ayoldan pikap talab qiladi.

Tonda vaqt va asablarini ketkazib, bu sudda ham g‘alaba qozonadi. Ammo bu bilan mojaro yakun topmaydi. Endi ayolni soliqchilar sudga beradi. Ular yutuqning to‘rtdan bir qismi soliq uchun to‘lanishini aytishadi. Bu safar Tonda sudda mag‘lubiyatga uchraydi va 2,5 mln dollarni soliq uchun to‘laydi.
Suiqasd
Tonda pulning salmoqli qismini soliq uchun to‘lab sud bilan bog‘liq mojarolardan qutilgan bo‘lsa-da, uni oldinda yanada yomonroq vaziyat kutayotgandi.
Ayol bir paytlar Steysi Martin ismli yigitga turmushga chiqqan va 1997-yilda ajrashgandi. Tonda Dikerson lotereyadan 10 mln dollar yutgani haqida gazetalarda xabar chiqar ekan, Steysining paytavasiga qurt tushadi. U nima qilib bo‘lsa-da, pulning bir qismiga ega chiqishga qaror qiladi.
Yigit o‘ylab-o‘ylab ayolni o‘g‘irlab ketishni va shu yo‘l bilan pullarni olishni rejalashtiradi. Kunlarning birida Tonda mashinasida ketayotganda yigit uning yo‘lini to‘sadi. So‘ng ayolni majburlab, ovloq joyga olib boradi va undan yutuqning bir qismini talab qiladi.

Shu paytda ayolning sumkasida turgan telefon jiringlaydi. Biroq yigit Tondani qo‘ng‘iroqqa javob berishga qo‘ymaydi. Shunda ayol agar qo‘ng‘iroqqa javob bermasa, uni qidirishlarini va oqibati yigit uchun yomon tugashi mumkinligi haqida gapiradi. Steysi qo‘ng‘iroqqa javob berishga ruxsat beradi.
Tonda sumkasidan telefon bilan birga kichik o‘lchamdagi pistoletni chiqaradi va yigitga o‘q uzadi. Steysi yaralanadi. Ayol sobiq erini yaqin oradagi kasalxonaga olib boradi va shu yerga politsiya chaqiradi. Yigitga tibbiy yordam ko‘rsatilgach, politsiya uni hibsga oladi. Shundan so‘ng hech kim uni bezovta qilmaydi.
Garchi 10 mln dollar yutgan bo‘lsa ham Tonda millioner boylarday yashamaydi. Yuqorida aytilganday, o‘shanda ayol lotereya tashkilotchilari bilan 30 yil davomida har yili 375 ming dollar olishga kelishadi. Hozirgacha u har yili kelishilgan pulni olib kelmoqda. Shuningdek, u bekor yurmay turli joylarda mehnat ham qiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Izoh (0)