AQSH prezidenti Donald Tramp Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashuvda kelishmovchiliklarga qaramay, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona xususiyatini saqlab qolishini tasdiqladi. Ularning nutqi Oq uy tomonidan jonli tarzda uzatildi.

“Biz har qanday holatda ham Kanada bilan do‘st bo‘lib qolamiz. Bu men uchun juda alohida ahamiyatga ega joy. U yerda mening ko‘plab tanishlarim bor, Kanadada onamning qarindoshlari bo‘lgan”, dedi Tramp.
U kanadaliklarni hurmat qilishini va “Kanadani juda yaxshi ko‘rishini” qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, ikki davlatning boshqa mamlakatlardan ajralib turadigan “ulkan salohiyati” borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH adolatli kelishuvlarga tayyor, biroq endi “o‘zini aldashga yo‘l qo‘ymaydi”.
Amerika rahbari uchrashuv davomida mamlakatning AQSHga qo‘shilishi mavzusini yana ko‘targan.
“Men hali ham bunga erishish mumkinligiga ishonaman. Ammo, bilasizmi, tango uchun ikki kishi kerak”, deya hazillashdi u, Kanadani 51-shtat qilish g‘oyasini eslatib.
Bunga javoban Mark Karni Ottavaning rasmiy nuqtayi nazarini takrorladi.
“Kanada - tovar emas. Biz sotilmaymiz va hech qachon sotilmaymiz”, dedi Karni.
Kanada bosh vazirining qo‘shimcha qilishicha, Ottava hukumati Vashington rahbariyati bilan iqtisodiy munosabatlarni hamkorlik sifatida ko‘radi va aloqalarni, jumladan xavfsizlik va mudofaa sohalarida chuqurlashtirish niyatida.
“Vaqt ko‘rsatadi, lekin men doim aytaman: hech qachon “hech qachon” demang. Imkonsiz bo‘lib tuyulgan ko‘p narsalar oxir-oqibat amalga oshadi va faqat do‘stona muhitda”, dedi Tramp Karni bilan uchrashuvda.
Tramp Kanada Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, u Kanada AQSHning 51-shtati sifatida “ancha yaxshiroq” bo‘lishini aytgan.
Shuningdek, siyosatchi uning mamlakati Kanada tufayli har yili 200 milliard dollar yo‘qotayotganini va buning davom etishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Tramp Kanadaning AQSH tarkibiga kirishi haqida fikr bildirganida, kanadaliklar uchun soliqlar va mudofaa sohasida sezilarli tejamkorlik afzallik bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Izoh (0)