Janubiy Koreya politsiyasi mamlakat sobiq prezidenti Mun Chje Inning qizi Mun Da Xega nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi xabar bermoqda.

“Seulning Sodemun politsiya bo‘limi yaqinda Munni firibgarlik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilgani ma’lum qilindi”, deyiladi xabarda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol 2022-yilda xayriya kimoshdi savdosi doirasida pul yig‘gan, ammo va’da qilganidek, uni notijorat tashkilotga o‘tkazmagan. Aytishlaricha, auksion uchun Mun 30 ga yaqin rassomdan ish olgan va ulardan tushgan pullar xayrli ishlarga sarflanishini ma’lum qilgan.
Natijada Mun Da Xega qarshi shikoyat tushgan va hozirda uning bank hisoblari hamda pul o‘tkazmalari huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmoqda.
Bundan avval Mun mast holda transport vositasini boshqarish va Airbnb’da noqonuniy faoliyat olib borish ayblovi bo‘yicha 15 million von (10 810 AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Mamlakatning yana bir sobiq prezidenti Yun Sok Yol hozirda hokimiyatni suiiste’mol qilganlik bo‘yicha tergov ostida. Bundan tashqari, u o‘tgan yilning 3-dekabrida mamlakatda harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinish munosabati bilan isyon ko‘targanlikda ayblanmoqda.
Izoh (0)