Rossiya Hindistonga taxminan 30 million dollarlik “Igla-S” ko‘chma zenit-raketa tizimlarining (ZRT) yangi partiyasini yetkazib berdi. Bu haqda India Today xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tizimlar Pokiston bilan munosabatlardagi keskinlik fonida Hindistonga yetkazilgan. Ular allaqachon armiya havo hujumidan mudofaa bo‘linmalariga topshirilgan. Hozirda ko‘chma zenit-raketa tizimlari Pokiston bilan ehtimoliy mojaro hududlariga joylashtirilmoqda. Ulardan samolyotlar, zarba beruvchi vertolyotlar va dronlardan himoyalanish uchun foydalanish rejalashtirilgan.
Jurnalistlar ta’kidlashicha, “Igla-S” zenit-raketa komplekslari Hindiston armiyasining havo hujumidan mudofaa tarmog‘ida muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, Hindiston tezlashtirilgan tartibda yana 48 ta uchirish moslamasi va 90 ga yaqin VSHORADS raketalarini sotib olish bo‘yicha tender e’lon qilgan.
Harbiylar tez orada lazer nurlari orqali boshqariladigan VSHORADS raketalarining yangi versiyalarini xarid qilishi kutilmoqda. “Igla-S” 1990-yillardan buyon foydalanib kelinayotgan “Igla” raketasining takomillashtirilgan versiyasidir.
Rossiya va Hindiston harbiy hamkorligi
Davlatlar o‘rtasidagi harbiy hamkorlik an’anaviy qurollar sotib olishdan tortib texnologik integratsiya va birgalikdagi harbiy mashg‘ulotlargacha bo‘lgan keng doiradagi sohalarni qamrab oladi. 1990-yillardan beri Hindiston armiyasi asosan Rossiya harbiy texnikasiga tayanib kelmoqda. T-72 tanklari, Su-30MKI qiruvchisi va AK-203 avtomatlari shular jumlasidandir. Yaqinda tomonlar T-72 tanklarini modernizatsiya qilish bo‘yicha 248 million dollarlik shartnoma imzolagan.
So‘nggi yigirma yil ichida Hindiston Rossiyadan 60 milliard dollar qiymatida qurol xarid qilgan, bu uning umumiy qurol importining 65 foizini tashkil etadi. Hozirda Rossiya Hindistonning eng yirik qurol ta’minotchisi bo‘lib qolmoqda, ammo so‘nggi besh yilda AQSH, Fransiya va Isroil birgalikda Hindiston qurol importining 55 foizini ta’minlagan.
Urush yoqasidagi davlatlar: Pokiston va Hindiston munosabatlari
22-aprel kuni Kashmirning Pahalgam hududida yuz bergan terrorchilik hujumi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi. Qurolli shaxslar mahalliy aholi va sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Hindiston Pokistonni bu hujumni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Pokiston mazkur da’voni rad etib, tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.
Hindiston Pokiston bilan 1960-yildagi Hind suvlar to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatib, chegara bo‘ylab suv oqimini to‘xtatib qo‘ydi. Pokiston bu urush ochishga teng ekanini bildirdi. Mamlakat Hindiston bilan diplomatik va savdo aloqalarini chekladi, havo maydonini yopdi va savdo aloqalarini to‘xtatdi.
Chegara bo‘ylab kichik qurolli to‘qnashuvlar va raketa sinovlari ko‘paydi. Pokiston qisqa masofali Fatah raketasini sinovdan o‘tkazdi, Hindiston esa xavfsizlik mashg‘ulotlarini kuchaytirdi Xalqaro hamjamiyat, jumladan Qo‘shma Shtatlar, tomonlarni ziddiyatni eskalatsiya qilmaslikka chaqirib, diplomatik kanallarni tiklashga chaqirdi.
Izoh (0)